Avto

Toyota yangi Prius Plug-in Hybrid 2026’ni taqdim etdi

Bu model savdosi 2025-yil yozida boshlanishini e’lon qildi
Toyota yangi Prius Plug-in Hybrid 2026’ni taqdim etdi. Foto: Electric Cars Report

Toyota 2026-yilgi Prius Plug-in Hybrid modelini taqdim etdi. Bu haqda Electric Cars Report nashri xabar berdi.

Yangi avlod gibrid mashina 220 ot kuchiga ega bo‘lib, elektrda 70 kilometrgacha harakatlana oladi. Uning yoqilg‘i sarfi atigi 2,2 litrni tashkil etadi. Eng yuqori toifasi – XSE Premium modeli, u quyosh paneli bilan jihozlangan. Bu panel mashina to‘xtagan vaqtda batareyani zaryadlash imkonini beradi.

Mashina 2 litrli benzin dvigateli va ikkita elektromotor bilan ishlaydi. Batareyasi 13,6 kVt/soat bo‘lib, u oddiy rozetkadan 11 soatda, tez zaryadlovchidan esa 4 soatda to‘liq quvvatlanadi. Haydovchi EV, Hybrid yoki avtomatik rejimni tanlashi mumkin.

Oddiy rozetkadan 11 soatda, tez zaryadlovchidan esa 4 soatda to‘liq quvvatlanadi. Foto: Electric Cars Report

Maxsus Nightshade Edition versiyasida qora rangdagi dizayn elementlari va 19 dyuymli g‘ildiraklar mavjud. Mashina uchta rangda taqdim etiladi: Karashi, Wind Chill Pearl va Midnight Black Metallic.

Mashina uchta rangda taqdim etiladi. Foto: Electric Cars Report

Mashina ichki jihozlanishi ham zamonaviy: raqamli panel, multimedia tizimi va tirbandlikda harakatni yengillashtiruvchi maxsus funksiya mavjud. Xavfsizlik tizimi va avtopilotga yaqin imkoniyatlar ham taklif etiladi.

Tirbandlikda harakatni yengillashtiruvchi maxsus funksiya mavjud. Foto: Electric Cars Report

Toyota bu model savdosi 2025-yil yozida boshlanishini e’lon qildi. Boshlang‘ich narx $33 775 dan boshlanadi. Gibrid tizim sakkiz yil, batareya esa 10 yil kafolat bilan ta’minlanadi. Shuningdek, ToyotaCare dasturi orqali ikki yilgacha tekin texnik xizmat va uch yil davomida yo‘l yordami taqdim etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toyota mashhur Sienta minivenini zavod darajasida kemperga aylantirayotgani haqida yozgandi.