Ukraina ko‘p fuqarolikni qonuniylashtirdi

Ukraina parlamenti yangi qonun qabul qilib, fuqarolarga qo‘sh yoki bir nechta fuqarolikka ega bo‘lish huquqini berdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu qadam urush sabab yuzaga kelgan demografik inqirozni yumshatish va xorijdagi millionlab ukrainaliklar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Avval chet elda yashovchi ukrainlar Ukraina fuqaroligini olish uchun boshqa fuqaroligidan voz kechishi talab etilar edi. Endilikda bu talab bekor qilindi.
Qonun xorijda tug‘ilgan bolalar, nikoh orqali fuqarolik olganlar va Ukraina safida urishayotgan chet elliklar uchun ham soddalashtirilgan tartiblarni belgilaydi. Biroq xorijliklar uchun ukrain tili, tarixi va konstitutsiyasi bo‘yicha test topshirish majburiy bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G7 rahbarlari global inqirozlarga qarshi birlikka chaqirgan edi.