Buxorodagi xususiy bog‘chada ikki yoshli bola tok urishidan vafot etdi

Buxoro tumanidagi YATT Xolboyeva O‘lmas Uzoq qiziga qarashli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 2023-yilda tug‘ilgan Sharipov Shaxram Shohruhovich elektr toki urishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Buxoro viloyati prokuraturasi ma’lum qildi.
Mazkur holat yuzasidan 2025-yil 2-aprel kuni tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov davomida tarbiyachi bolalarning yoshi va individual xususiyatlarini inobatga olgan holda ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, texnika hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish majburiyatlarini bajarmagani aniqlangan. U o‘z vazifasiga loqaydlik bilan qaragan va tarbiyalanuvchilarni qarovsiz qoldirgan.
Natijada ushbu jinoyat ishi 2025-yil 18-iyun kuni sud muhokamasiga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda bolalar orasida Koksaki virusi tarqalayotgani haqidagi xabarlar rad etilgan edi.