
BYD kompaniyasining eng ko‘p sotilgan avtomobili – BYD Seagull ikki yil ichida 1 mln dona sotildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Bu ko‘rsatkichga 2025-yil iyun oyi boshida erishildi. Raqamlar Xitoy va xorijdagi sotuvlarni o‘z ichiga oladi.
May oyida BYD 60 mingdan ortiq Seagull sotgan. Umumiy sotuvlar 992 mingdan oshganini kompaniya Shenchjen fond birjasiga ma’lum qilgan.

Biroq sug‘urta ma’lumotlariga ko‘ra, iyunning birinchi haftasida Seagull 1 mln chegarani bosib o‘tgan.
Seagull 2023-yilda 73 800 yuan (taxminan $10 ming) narxda sotuvga chiqqan edi. Hozir esa u 63 800 yuanga (taxminan $8,8 ming) tushgan. Bu Xitoyda elektr avtomobillar narxi keskin paslayotganini ko‘rsatadi.

Mashina bitta 55 kVtli motor va 38,9 kVt/soatli akkumulyatorga ega. U CLTC standartiga ko‘ra 405 km masofani bosib o‘ta oladi. Yevropada u Dolphin Surf nomi bilan sotilmoqda. Narxi 19 990 yevrodan boshlanadi.
2025-yilning yanvar – may oylarida Xitoyda 144 mingdan ortiq Seagull sotildi. Bu uni mamlakatdagi eng ko‘p sotilgan uchinchi avtomobilga aylantirdi.

BYD – Xitoyning yirik avtomobil va akkumulyator ishlab chiqaruvchi kompaniyasidir. U 1995-yilda tashkil etilgan va dastlab akkumulyatorlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Keyinchalik BYD elektromobillar bozoriga kirib, tezda mashhur bo‘ldi. Bugungi kunda kompaniya dunyodagi eng ko‘p elektromobil sotadigan ishlab chiqaruvchilardan biridir. BYD mashinalari tejamkor, ekologik toza va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD M9 elektromobili xalqaro sotuvga chiqarilgani haqida yozgan edi.