
«Li Auto» bosh direktori Li Syan Weibo’dagi postida yangilik bilan bo‘lishdi. Uning aytishicha, Ideal i8 iyul oyining oxirida rasman chiqariladi.
Hozirda ishlab chiqarish, xodimlarni o‘qitish va yetkazib berishga tayyorgarlik yakunlanmoqda.
Li Syan yangi modelga oid haydash videosini ham sahifasiga joylashtirgan. Ushbu video Ideal i8’ning tashqi ko‘rinishi va dinamikasini namoyon qiladi.
Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, Ideal i8 o‘rta va katta o‘lchamli sof elektr yo‘ltanlamas sifatida taqdim etiladi. Model 6 o‘rindiqli bo‘lib, g‘ildirak bazasi 3050 mm, kuzov o‘lchami 5085×1960×1740 mm.
Dizayni MEGA va L seriyalaridan ilhomlangan, zamonaviy va soddalashtirilgan. Old qismi yopiq, ikki bo‘lakdan iborat faralar va to‘g‘ri tom chizig‘i mavjud. Orqa chiroqlar ham oddiy va zamonaviy uslubda ishlab chiqilgan.
Ideal i8 standart tarzda ikki dvigatelli to‘rt g‘ildirakli uzatma tizimiga ega. Old dvigatel 150 kVt, orqa dvigatel esa 250 kVt quvvat ishlab chiqaradi. Umumiy tizim quvvati 400 kVt, maksimal tezligi esa 180 km/soatga yetadi.
Avtomobil 90 va 98 kVt/soat sig‘imga ega 5C uchlamchi litiy batareyalar bilan chiqadi. CLTC standartiga ko‘ra, yurish masofasi 670 va 720 km etib belgilangan. Shuningdek, 10 daqiqada 500 km masofa uchun tez zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Energiyani tejovchanlik darajasi ham yuqori – 100 km uchun atigi 13,4 kVt/soat.
Ideal i8 zamonaviy funksiyalar bilan ham jihozlangan. U Hesai ATL lazer radari, havo suspenziyasi va qo‘sh ekran bilan keladi. Shuningdek, AR-HUD bosh displey, ilg‘or sensorlar va boshqa texnologiyalar mavjud. Ichki dizayn esa avvalgi modellardagi oilaviy, qulay uslubni davom ettiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi YU7 elektr yo‘ltanlamasi iyun oyi oxirida taqdim etilishi haqida xabar bergan edi.