
Mashhur texno-bloger Rodion Hudakov YouTube’da iPhone 16 kamchiliklari haqida video chiqardi. U bu modelni sinchkovlik bilan o‘rgandi va ko‘plab kamchiliklarni sanab o‘tdi. Xudakovning fikricha, iPhone 15’ni olish yaxshiroq.
U birinchi navbatda qutini tanqid qildi. Unda faqat telefon va kabel bor. Hech qanday stiker yoki qo‘llanma yo‘q. U bu holatni eski iPhone’lar bilan solishtirdi va yangi qadoqni juda oddiy deb hisoblaydi.

Keyin u telefonni mustahkamlikka sinab ko‘rdi. iPhone 16 ekranida keramik himoya bo‘lsa ham, u qumga 10 marta tushgach tirnalgan. Asfaltga tushganida esa ramka darhol zararlangan. Ikkinchi marta tushgach, ekranda yorilish paydo bo‘lgan.

Yana bir muammo — telefon stol ustida silkinib turadi. Ayniqsa, biror narsa o‘qiyotganda yoki ilovada ishlayotganda. Bu holat iPhone 16 Pro‘da kuzatilmagan.
Xudakov kameraning vertikal joylashuviga ham to‘xtaldi. Bu o‘zgarish Apple’ning Vision Pro qurilmasi uchun 3D video olish imkoniyatini beradi. Ammo bu funksiyadan juda kam odam foydalanadi.

Kameradagi farqlar esa iPhone 15 bilan solishtirganda uncha katta emas. Faqat avtomatik makro rejim va biroz yaxshilangan keng burchakli kamera qo‘shilgan.
Yana bir kamchilik — ekran hanuzgacha 60 Gts. Yaxshi tomoni, ekran yorug‘ligi past holatga tushirilishi mumkin. Bu kechasi foydalanish uchun qulay. Yangi Camera Control tugmasi esa foydali emas. Ekranga bosgan tezroq. Hatto ba’zida Live Photo rejimida bosilgan tugma ovozi videoga chiqib qoladi.

U oxirida mobil o‘yinlar haqida ham gapirdi. iPhone 16’da Assassin’s Creed Mirage o‘yini sekinlashib ishlagan. Biroq Resident Evil 7 yaxshi o‘ynagan.
Xudakovning fikricha, iPhone 16 unchalik yaxshi chiqmagan. Shuning uchun u xaridorlarga iPhone 15’ni olishni maslahat beradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri voz kechish kerak bo‘lgan uchta iPhone modeli haqida yozgan edi.