Yangiliklar

Bo‘sh javonlar va chegirmadagi mahsulotlar: Magnum O‘zbekistonni qanday tark etmoqda – fotoreportaj

Ma’lumotlarga ko‘ra, Magnum Chilonzor vaqtinchalik faoliyat yuritmoqda
Bo‘sh javonlar va chegirmadagi mahsulotlar: Magnum O‘zbekistonni qanday tark etmoqda / Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Qozog‘istonning yirik savdo tarmog‘i Magnum Cash&Carry O‘zbekiston bozorini tark etmoqda. Kursiv Uzbekistan muxbiri yopilgan tarmoq va ayni damda yopilishi kutilayotgan Magnum Chilonzor filialidan fotoreportaj tayyorladi, shuningdek, xodimlar va xaridorlar bilan suhbatlashdi.

Kursiv Uzbekistan bilan muloqot qilgan tarmoq xodimi hozircha Magnum Chilonzor vaqtinchalik faoliyat yuritayotganini aytdi. Ammo bu filialda ham bir qator mahsulotlar chegirma bilan sotuvga qo‘yilgan.

Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Savdo majmuasidagi kassa xodimining ta’kidlashicha, 1-iyuldan Magnum Chilonzor filiali ham o‘z faoliyatini yakunlaydi. Mazkur filialdagi sotuvchilardan biri esa filial avgustga qadar faoliyat yuritishi mumkinligini aytdi.

«Magnumda faoliyat yuritish yaxshi. Albatta, bu tarmoqning yopilishidan biz mamnun emasmiz», – dedi savdo xodimasi.

«Balki investitsiya jalb qilinsa, Magnum faoliyatini davom ettirishi mumkin. Biz savdo majmuasining faoliyati davom ettirilishini istaymiz», – dedi yana bir savdo xodimi.

Ammo filialdagi vaziyat kuzatilar ekan, bir qator rastalarning bo‘shab qolganligini va ko‘plab mahsulotlar sotilganini kuzatish mumkin.

Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Magnum’da chegirmada mahsulotlar sotuvga qo‘yilgani haqida aytib o’tgan edik. Kursiv Uzbekistan muxbiri bu narxlarga xaridorlarning fikrini o‘rgandi.

«Ha, biz ham yaqinda bildik. Afsus, Magnum yaxshi savdo majmuasi. Narxlar ham yaxshi. Yopilish arafasida chegirmalar ham berildi. Endi ko‘ramiz, yopiladimi yoki yo‘q», – dedi xaridorlardan biri.

«Men buni eshitib, chegirmadagi mahsulotlardan xarid qilish uchun keldim. Ha, bu biroz achinarli. Mahsulot turlari, albatta, ancha ko‘p edi. Hozir ko‘plab rastalar bo‘shab qolibdi», – deya vaziyatga munosabat bildirdi savdo majmuasiga kelgan xaridorlardan biri.

Foto: Magnum Chilonzor filialidagi chegirmadagi ba’zi mahsulotlar / Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Qayd etish joizki, Magnumning aksariyat filiallari allaqachon faoliyatini tugatgan. Shu jumladan, Magnum Samarqand darvozadagi filial ham yopilgan va faoliat yuritmayapti. Ushbu filialga kelgan Kursiv Uzbekistan muxbiri Magnum’dan faqat do‘kon belgisi va bo‘sh javonlar qolganligiga guvoh bo‘ldi.

Foto: Magnum Samarqand darvoza filiali / Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Magnum 2021-yil dekabr oyida Toshkentda ikkita gipermarket ochish orqali O‘zbekiston bozoriga kirgan.

2023-yil avgustida kompaniya O‘zbekistondagi Carrefour tarmog‘ining O‘zbekistondagi do‘konlarini boshqargan Majid Al Futtaim LLC Uzbekistan biznesini sotib olgan. Kompaniya vakillari 2024-yilda yana 10 ta savdo nuqtasini ochib, tarmoqlar sonini 17 taga yetkazishini e’lon qilgandi.

2024-yil fevral oyida Toshkentdagi Magnum Qoratosh savdo nuqtasi yopildi. 2025-yil may oyida esa yana ikki savdo nuqtasi yopilgan – Magnum Yunusobod va Magnum Atlas Chilonzor.