Yangiliklar

Nukusda bir necha poraxo‘rlik holatlari fosh etildi

Holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Nukusda bir necha poraxo‘rlik holatlari fosh etildi / Foto: DXX

Nukus shahridagi maktablardan birida o‘qituvchi kasbiy sertifikat sinovidan o‘tkazib yuborish evaziga $1 ming olayotgan vaqtida DXX va IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur shaxs bu ishni maktab direktori o‘rinbosarining topshirig‘iga binoan amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi. Tergov oldi surishtiruvida direktor o‘rinbosari 100 dan ortiq o‘qituvchilardan $1-1,5 ming miqdorida pora olib kelgani, bu haqida shaxsiy daftarida yozib borgani aniqlangan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining mas’ul xodimi ham bu ishga aloqador bo‘lib, u o‘qituvchilardan yig‘ilgan $10 450 ni ixtiyoriy tarzda topshirgan.

Milliy gvardiya xodimlaridan biri esa test jarayonida uyali telefon bilan kirishga yo‘l qo‘yganlikda gumon qilinmoqda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tergov ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX tomonidan yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan bir necha shaxslar ushlangan edi.