Parkentda $1,8 milliardlik 52 ta turistik loyiha amalga oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev Parkent tumaniga tashrifi chog‘ida «Oltin bel» dam olish maskani va yangi mehmonxona loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tog‘ bag‘rida qurilgan 188 o‘rinli mehmonxonalar, kapsula uylar va restoranlar hududdagi turizm salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Hududda qiymati $1,8 mlrdlik 52 ta loyiha orqali 3,3 ming ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, Avstriya kompaniyasi ishtirokida 1200 gektarda tog‘-chang‘i kurorti barpo etiladi.

Davlat rahbari «Batu Eksport» korxonasiga ham tashrif buyurdi. Bu yerda yiliga 5 ming tonna meva-sabzavot qayta ishlanib, mahsulotlar Xitoy, Yaponiya, Yevropa va MDH davlatlariga eksport qilinadi. Korxonada 180 ta ish o‘rni yaratilgan.

Prezident hudud eksport salohiyatini oshirish, korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va sifatli mahsulot yetkazib berishni ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Parkentda «Baytqo‘rg‘on – Parkent» elektrlashtirilgan temir yo‘li qurilishi haqida yozgan edik.