
Nubia kompaniyasiga qarashli RedMagic brendi tomonidan RedMagic 10S Pro smartfoni xalqaro bozorga chiqarildi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida e’lon qildi.
Smartfon allaqachon bir necha davlatlarda sotuvga chiqdi. Narxlar 12 GB operativ va 256 GB doimiy xotiraga ega versiya uchun $650 dan boshlanadi. Eng kuchli – 24 GB operativ va 1 TB doimiy xotirali modeli esa $1 mingga baholanmoqda.

RedMagic 10S Pro flagmani kuchli texnik imkoniyatlarga ega. Qurilma Snapdragon 8 Elite Leading Version chipseti asosida ishlaydi. Sovitish tizimi esa alohida e’tiborga loyiq – unga kuchli ventilyator o‘rnatilgan. Uning aylanish tezligi 23 000 aylanish/minutni tashkil qiladi. Ventilyator RGB yoritilishi bilan bezatilgan va foydalanuvchi istagiga ko‘ra sozlanadi.
Smartfonda 6,85 dyuymli AMOLED ekran qo‘llanilgan. Uning aniqligi 2688×1216 piksel, yangilanish tezligi esa 144 Gts. Qurilma 24 GB gacha tezkor va 1 TB gacha ichki xotira bilan taqdim etiladi. Asosiy kamera moduli uchta kameradan iborat. 50 MP asosiy sensor, yana bir 50 MP keng burchakli kamera va 2 MP yordamchi moduli mavjud. Old kamera esa ekran ostiga yashirilgan va 16 MP aniqlikka ega.

RedMagic 10S Pro katta hajmdagi 7050 mA·soatli akkumulyator bilan jihozlangan. U 80 Vt tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Operatsion tizim sifatida Android 15 asosidagi RedMagic OS 10.5 ishlatilgan.
Ushbu model dastlab 2024-yil oxirida Xitoyda taqdim etilgan edi. Endi esa u boshqa mamlakatlarga ham eksport qilinmoqda.
Qiziq tomoni, Xitoydagi RedMagic 10S Pro+ modeli 2025-yilning may oyida AnTuTu reytingida eng yuqori ballni qo‘lga kiritgan. Xalqaro versiyasi – RedMagic 10S Pro ham undan ortda qolmaydi. Bu esa uni eng kuchli smartfonlardan biriga aylantiradi.
Kursiv Uzbekistan nashri yangi modelni ommabop onlayn savdo platformalarida tekshirdi. Hozircha RedMagic 10S Pro mahalliy bozorga kirib kelgan emas.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan RedMagic Xitoyda 10S Pro modelini e’lon qilgani haqida yozgan edi.