Rossiyada tibbiy sug‘urtasiz migrantlarni deportatsiya qilish taklif etilmoqda

eʼlon qilindi
Shuningdek, vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olishda xorijiy fuqarolar taqdim etishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati aniqlashtirilmoqda
Tibbiy sug‘urtasiz migrantlarni deportatsiya qilish taklif etilmoqda. Foto: Bumble-Dee / depositphotos.com

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (RLDP) yetakchisi Leonid Slutskiy boshchiligidagi deputatlar guruhi migrantlarga oid yangi qonun loyihasini tayyorladi. Ular mamlakatda tibbiy sug‘urtasi bo‘lmagan migrantlarni deportatsiya qilishni taklif etmoqda. Bu haqda TASS xabar berdi.

«Agar vaqtincha yoki doimiy yashovchi xorijiy fuqaroning amaldagi tibbiy sug‘urta polisi mavjud bo‘lmasa, u nazorat qilinadigan shaxslar reyestriga kiritiladi. Bu unga nisbatan chiqarib yuborish (deportatsiya) tartibini qo‘llash uchun huquqiy mexanizm yaratadi», – deyiladi qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish xatida.

Shuningdek, xorijiy fuqarolar tomonidan vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olishda taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritiladi. Endilikda hujjatlar orasida DMS (ixtiyoriy tibbiy sug‘urta) yoki OMS (majburiy tibbiy sug‘urta) polisi tasdiqlangan nusxasi bo‘lishi shart bo‘ladi.

«Bu xorijiy fuqaroni boshidanoq tibbiy sug‘urta tizimiga jalb qilishga va Rossiya hududida tibbiy xizmatdan foydalana olmaydigan holatlarni istisno qilishga xizmat qiladi», – deya ta’kidlaydi deputatlar.

Leonid Slutskiyning ma’lum qilishicha, so‘nggi besh yil ichida davlat migrantlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun 66 mlrd rubl ($839,4 mln) sarflagan.

«Bu shunchaki raqam emas – bu qurilmagan shifoxonalar, poliklinikalar, dorilar va tibbiy xizmatlar yetishmovchiligi degani. Bundan tashqari, ko‘plab qonuniy va noqonuniy migrantlar Rossiyada soxta yoki umuman sug‘urta polisisiz, qonunni chetlab o‘tgan holda bepul davolanmoqda. Masalan, 2023-yilda Moskvada migrantlar tomonidan 500 ta soxta tibbiy sug‘urta hujjati aniqlangan edi», – deydi Slutskiy.

Avvalroq Kursiv Uzbekiston Rossiya Ichki ishlar vazirligi eng ko‘p migratsion jinoyatni o‘zbekistonliklar sodir etganini aytgani haqida xabar bergandi.

Unga ko‘ra, 2025-yilning birinchi choragida migrantlar tomonidan 12,5 mingta jinoyat sodir etilgan. Eng ko‘p jinoyat O‘zbekiston (35,5%), Tojikiston (16,6%) va Qirg‘iziston (11,5%) fuqarolari tomonidan sodir etilgan.

Shuningdek