Rul va pedalsiz, furgon shaklidagi robotaksi ishlab chiqarilmoqda – video

Rul va pedalsiz, furgon shaklidagi robotaksi ishlab chiqarilmoqda. Amazon’ning Zoox kompaniyasi sensorlar va kameralar bilan jihozlangan, furgon shaklidagi maxsus robotaksisini ishga tushirish arafasida. Bu haqda Forbes xabar berdi.
Hozirda dastlabki model tekshirilmoqda. Kompaniya bu yil oxirida Las-Vegasda tijorat yo‘lovchi tashish xizmatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
«Biz yo‘lovchilar uchun o‘ziga xos tajriba taqdim etmoqchimiz. Haydov sifatidan tortib, ro‘parasiga qaragan o‘rindiqlar, keng salon – bular bizni boshqalardan ajratib turadi», — deydi Zoox hammuassisi va texnik direktori Jesse Levinson kompaniyaning Hayvarddagi zavodiga ekskursiya paytida.
Amazon tomonidan 11 yillik tayyorgarlik va milliardlab sarmoya evaziga Zoox bu yil oxirida Las-Vegasda tijorat xizmatini boshlaydi. Keyingi manzillar: San-Fransisko, Ostin, Mayami, Los-Anjeles va Atlanta.
Robotaksining o‘ziga xos jihatlari:
- Rul, pedal va tashqi ko‘zgular yo‘q;
- Metro eshiklariga o‘xshash sirpanma eshiklar;
- Oldi va orqasi bir xil bo‘lgan ikki yo‘nalishda harakatlana oladigan dizayn;
- Maksimal tezlik – 120 km/soat, biroq hozircha shahar ichida 70 km/soatgacha yuradi;
- Kuniga 16 soatgacha ishlashi va 5 yil yoki 160 000 km xizmat qilishga mo‘ljallangan.
Hozirda zavodda kuniga atigi 1 dona robotaksi yig‘ilmoqda, ammo kelgusi yilda har bir smenada 3 dona, yilda 5000 ta ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Ikki smenada bu raqam 10 000 tagacha yetadi.

Kompaniya allaqachon Bay Area va Las-Vegasda to‘liq avtonom sinovlarni (haydovchisiz) boshlagan. Biroq Kaliforniyada to‘lovli yo‘lovchi tashishga ruxsat hali olinmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla iyun oxirigacha robotaksi sinovlarini boshlashi haqida yozgandi.
Ilon Maskning aytishicha, Tesla FSD texnologiyasini boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarga litsenziya asosida taklif qilish bo‘yicha ham muzokaralar olib bormoqda.