
Samarqand viloyatining bir nechta tumanida iste’molga yaroqsiz va qalbaki aktsiz markali alkogol mahsulotlarini sotayotgan do‘konlar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Payariq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fermer xo‘jaligi rahbari 85 mln so‘mlik 1 575 dona qalbaki alkogol va 1 ming quti tamaki mahsulotlarini noqonuniy ravishda sotayotgani fosh etildi.
Shuningdek, Paxtachi va Ishtixon tumanlarida ham 144,1 mln so‘mlik 4 556 dona qalbaki alkogol va 400 quti tamaki mahsulotlari savdosi aniqlanib, daliliy ashyolar sifatida olib qo‘yildi.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Andijon va Xorazmda qalbaki alkogol mahsulotlari savdosi fosh etilgan edi.