
Samsung hozirda Galaxy telefonlarining kelajakdagi modellarida ishlatilishi mumkin bo‘lgan bir necha xil akkumulyator texnologiyalari ustida tajribalar olib bormoqda. Bu haqda Gizmochina xabar berdi.
Ushbu tajribalar batareyaning ishlash muddati va energiya sig‘imini oshirishga qaratilgan.
Raqobatchilar Oppo, Vivo, Honor va Xiaomi kompaniyalari allaqachon yupqaroq korpusda katta sig‘imga ega kremniy-uglerodli akkumulyatorlarni taqdim etgan bo‘lsa-da, Samsung bu borada shoshilmayapti.

Kremniy zaryadlash vaqtida kengayish xususiyatiga ega bo‘lib, bu holat vaqt o‘tishi bilan batareya holatini yomonlashtirishi mumkin. Galaxy Note 7 bilan bog‘liq hodisani hanuz unutmagan kompaniya uchun xavfsizlik hamon asosiy ustuvorlik bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun Samsung yangi akkumulyator texnologiyalarini bozorda tezda joriy etishdan ko‘ra, uzoq muddatli ishonchlilikka urg‘u bermoqda.
Shuningdek, Samsung keyingi avlod qattiq holatli (solid-state) va litiy-ion akkumulyatorlaridan foydalanish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy M36 5G tez orada taqdim etilishi haqida yozgandi.