
Shavkat Mirziyoyev 14 ta hududda kardiomarkazlar ochishni taklif etdi. Bu haqda prezident rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
19-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz shahridagi ko‘p tarmoqli kardiologiya markazi faoliyati bilan tanishdi.




Rossiyalik tadbirkor ishtirokida tashkil etilgan «Oq saroy» klinikasi yaqinda faoliyatini boshladi. Bu tibbiyot muassasasida 4 ta operatsion blok va 6 ta intensiv davolash xonasi mavjud bo‘lib, 100 dan ziyod bemorlar uchun joy ajratilgan.
Bir vaqtning o‘zida 4 ta murakkab kardiojarrohlik amaliyoti, kuniga esa 25 tagacha ilg‘or texnologiyalarga asoslangan operatsiyalarni bajarish imkoniyati yaratilgan. Mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun Rossiya, Turkiya va Kuvaytdan yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari jalb etilgan.
Yurak-qon tomir tizimidagi patologiyalarni bartaraf etish – xususan, stent o‘rnatish, aorta-koronar shuntlash, tug‘ma yurak nuqsonlarini tuzatish va sun’iy bo‘g‘imlar o‘rnatish kabi amaliyotlar yuqori natija bermoqda.
Markaz zamonaviy uskunalar yordamida aniq tashxis xizmatlarini ham taklif etadi. Masalan, sun’iy intellekt asosida ishlovchi zamonaviy exokardiografiya moslamasi hozircha O‘zbekistonda yagona hisoblanadi.





Davlatimiz rahbari bunday innovatsion klinikalar tibbiyotda sifat va dunyoqarashni o‘zgartirishi, boshqalarni ham transformatsiyaga undashi mumkinligini ta’kidladi.
«Bu yerda yaratilgan tizimni andoza qilib olib, 14 ta hududimizda shunday klinikalar tashkil etish zarur. Bunga qancha mablag‘ kerak bo‘lsa – topamiz. Faqat buning zamirida xalqimiz uchun kafolatlangan sifatli davolanish bo‘lishi lozim. Muqobillik va raqobat bo‘lmasa, sifatga intilish ham bo‘lmaydi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga bu borada taklif tayyorlash, klinikalarni birlamchi bo‘g‘in va tibbiy sug‘urta tizimi bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat rahbari poyezdda Qashqadaryo viloyati faollari bilan suhbatlashgani haqida xabar bergandi.
Shuningdek, prezident mehmonlar uchun mo‘ljallangan uylardan biri — Olim Yusubovga tegishli, milliy an’analar asosida jihozlangan 48 o‘rinli hovlini borib ko‘rdi. Ushbu maskan har yili ikki mingdan ortiq sayyoh va mehmonni kutib oladi. Davlat rahbari tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar doirasini kengaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.