
Fransiyaning AEMotion elektromobil kompaniyasi tirbandliklarda mototsikl kabi yuradigan avtomobilni namoyish etdi. Ikki kishilik og‘uvchi mikroavtomobilga oldindan buyurtmalar qabul qilinmoqda.
Nomi hali belgilanmagan bu «mikroavto» to‘rt g‘ildirakda harakatlanadi va burilishlarda mototsikl kabi og‘ishga imkon beruvchi texnologiya bilan jihozlangan.
Bunday texnologiyali modellar ilgari ham taqdim etilgan – uch g‘ildirakli va to‘rt g‘ildirakli versiyalarda, ba’zida ob-havo himoyasi bilan, ba’zida pedalsiz yoki pedal bilan harakatlanadigan variantlarda.
AEMotion’ning ushbu yangi modeli esa faqat elektromotor yordamida harakatlanadi, maksimal tezligi – 115 km/soat, og‘ish burchagi – 35 daraja, boshqaruvi esa rul emas, mototsiklga o‘xshagan tutqich (handlebar) orqali amalga oshiriladi.
Batareya va yurish masofasi:
- Ichki o‘rnatilgan batareya — 200 km (124 mil) gacha;
- Almashtiriladigan batareyalar — 70 km (43,5 mil) gacha;
Haydovchi yo‘lovchidan oldinda o‘tiradi (mototsikl uslubida) va Fransiyada haydash uchun B toifali avtomobil guvohnomasi talab qilinadi. Shuningdek, bir necha soatlik o‘quv mashg‘ulotlaridan o‘tish ham mumkin.
Xavfsizlik va konstruksiya:
- Har ikki o‘rindiq to‘rt nuqtali xavfsizlik kamariga ega;
- Avtomobil darajasidagi simulyatsiyalangan avariya sinovlari bilan tekshirilgan;
- EPP bamperlar, strukturaviy to‘qnashuv qutilari (crash box) mavjud;
- Ichki qoplamada EPP materiali ishlatilgan – bu yengillik va zarbani yutish xususiyatiga ega, passiv havo yostig‘i tizimiga o‘xshash;
- Gidravlik diskli tormozlar samarali to‘xtash imkonini beradi.

Faqat 79 sm (31 dyuym) kenglikka ega bu vosita tirband ko‘chalarda oson harakatlanadi, va tik holatda to‘xtash imkoniga ega (avtoturargohga tez joylashtirish uchun). U maxsus oyoq tayanchi (kickstand) talab qilmaydi. Tashqi qobiq va oynali eshiklar ob-havodan himoya qiladi, lekin eshiklarning pastki qismi haydovchi oyoqlarini ochiq qoldirgan — bu hali tushunarsiz.
Orqa qismdagi kichik yuk joyi yo‘lovchi o‘rindig‘i surilsa kengaytiriladi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, hozircha asosiy e’tibor muddatli ijaraga (leasing) qaratilgan — oyiga 200 yevro (taxminan $214–216) atrofida, to‘liq xarid qilish mumkin emas.
Dastlabki partiya bu yil oxiriga qadar yetkaziladi, asosiy yetkazib berish esa 2026-yil oxiri – 2027-yil boshiga rejalashtirilgan. Katta hajmda ishlab chiqarish 2028-yildan keyin boshlanadi.
Kompaniya ushbu elektromobilning hali Fransiyadan tashqarida bo‘lishi haqida aniq ma’lumot bermagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan LEO Flight havoda harakatlanadigan shahar transportini narxlari bilan taqdim etgani haqida yozgandi. Kompaniya bu modellarni tirband shaharlarda harakatlanish uchun eng qulay transport sifatida taqdim qilgandi.