Banklar biznes uchun qanday xizmatlarni yaxshilashi kerak

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) O‘zbekistonda yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari holatini o‘rgandi. Respondentlarning 58 foizi kredit xizmatlari, 35,5 foizi esa pul o‘tkazmalaridan qoniqmagan. So‘rovnomada qatnashganlarning 25,8 foizi to‘lov amaliyotlarini, 16 foizi konversiya xizmatlarini, 6,5 foizi esa depozit xizmatlarini takomillashtirish zarurligini bildirgan.
Tadqiqotda kreditlash, to‘lov va depozit xizmatlari, shuningdek, raqamlashtirish darajasi qamrab olingan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, korporativ mijozlarning 85,8 foizi banklar faoliyatidan mamnun. To‘lov amaliyotlari bo‘yicha korporativ mijozlar orasida naqdsiz hisob-kitoblarga o‘tish tendensiyasi kuchaymoqda. Sektor bo‘yicha o‘rtacha hisobda mijozlarning 40,2 foizi barcha to‘lovlarni naqdsiz shaklda amalga oshiradi. 48 foizi esa naqd va naqdsiz to‘lovlarni birgalikda qo‘llaydi.
Kreditlash sohasida esa katta foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud. So‘rovda qatnashgan korxonalarning 68 foizi hali bank kreditlaridan foydalanmayapti. 10 foiz mijozlar esa kreditlarni onlayn rasmiylashtirish imkoniyatlarini yuqori baholagan.
Internet-banking xizmatlari ham ommalashmoqda. So‘rovda qatnashganlarning 60,6 foizi kredit to‘lovlarini onlayn amalga oshirishni afzal ko‘rgan. 95,4 foiz respondent esa internet-bankingni qulay vosita deb hisoblagan.
Depozit xizmatlaridan hozircha 12,3 foiz kompaniya foydalanmoqda. Boshqa banklarda depozit joylashtirish sababi sifatida yuqori foiz stavkalari va raqamli imkoniyatlarning kengligi ko‘rsatilgan. Bu banklar uchun raqobatbardosh depozit mahsulotlarini ishlab chiqish zarurligini anglatadi.
Valyuta xizmatlari bo‘yicha «O‘zsanoatqurilishbank» barqaror pozitsiyani saqlab qolgan. Valyuta konversiyasida bankni tanlashda mijozlarning 30 foizi ishonchlilik, 29 foizi qulay kurs va 29 foizi tezkor xizmatni muhim deb hisoblagan.
Bank xizmatlarining sifati bo‘yicha umumiy baholovlar ham ijobiy. Respondentlarning 89 foizi xizmatlar o‘z vaqtida bajarilayotganini, 92,7 foizi xizmat sifati va tezligini ijobiy baholagan. 88 foiz respondent bank komissiyalarini adolatli deb topgan.
Bank xodimlarining malakasi ham yuqori baholangan. 87 foiz mijozlar ularning bilim darajasi, 86 foizi xushmuomalaligi, 82,7 foizi maslahatlarning sifatidan mamnunligini bildirgan. Shuningdek, 85,8 foiz respondent bank mahsulotlari turlari keng qamrovli ekanini aytgan.
Raqamli xizmatlar bo‘yicha ham ijobiy fikrlar qayd etilgan. Korporativ mijozlarning 86,3 foizi bank ilovasi bilan ishlash qulayligini ta’kidlagan. 87,7 foiz so‘rov ishtirokchilari esa bankomatlar ishonchliligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, 6,9 foiz foydalanuvchi mobil ilova xizmatlaridan, 6,4 foizi esa bankomatlardan qoniqmasligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, CERR O‘zbekistonda jahon bozorida raqobatbardosh ustunlikka ega bo‘lgan 162 turdagi mahsulot mavjudligini qayd etgan edi. Unga ko‘ra, 2033-yilga borib O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘rtacha yillik o‘sishi 5,6 foizni tashkil etishini ta’kidlamoqda. Respublikada texnologik jihatdan murakkab mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish imkoniyati ham mavjud.