Avto

Buick Electra E5 avtomobili taqdim etildi

U ilgari chiqarilgan modeldan 47 ta yaxshilanish bilan farqlanadi
Buick Electra E5 avtomobili taqdim etildi / Foto: CarNewsChina

Buick kompaniyasi tomonidan Xitoyda yangi avlod Electra E5 elektromobili rasman taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Yangi model uchta komplektatsiyada sotuvga chiqdi. Narxi 169 900 yuandan boshlanadi (taxminan $23 600). Maksimal yurish masofasi esa 620 kilometrga yetadi.

Yangi Electra E5 dizayni soddalashtirilgan, yopiq old panjara va trapetsiya shaklidagi pastki panjara bilan ishlab chiqilgan. Bu model o‘rta va yirik SUV toifasiga mansub bo‘lib, uzunligi 4892 mm, g‘ildirak bazasi esa 2954 mm.

Foto: CarNewsChina

Mashina GM konsernining Ultium 2.0 platformasida ishlab chiqilgan. U 180 kVt (241 ot kuchi) quvvatli elektromotor, 330 Nm aylanish momenti va 180 km/soat tezlikka ega. 0 dan 100 km/soatgacha tezlashish 7,4 soniyada amalga oshadi. To‘rt turdagi haydash rejimi mavjud: qulaylik, sport, sirpanchiq va shaxsiy sozlama.

620 km yuradigan versiya atigi 10 daqiqada 210 km masofa uchun quvvat olish imkoniyatiga ega. Shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi batareya boshqaruv tizimi bilan jihozlangan.

Foto: CarNewsChina

Yangi Buick Electra E5 ilgari chiqarilgan modeldan 47 ta yaxshilanish bilan farqlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, Buick – AQShning mashhur avtomobil brendi bo‘lib, 1903-yilda asos solingan. U General Motors tarkibiga kiradi va asosan qulay, texnologik va ishonchli avtomobillari bilan tanilgan. Buick avtomobillari AQShdan tashqari, Xitoy bozorida ham juda ommabop. Kompaniya so‘nggi yillarda elektromobil va gibrid modellarga katta e’tibor qaratmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely kompaniyasi tomonidan yangi Galaxy A7 EM-i nomli gibrid sedani rasman taqdim etilgani haqida yozgan edi.