Yangiliklar

Eron yadro reaktorining shikastlanishi radiatsion avariya xavfini tug‘dirmoqda

Erondagi bir nechta yadro obyektlariga, xususan, Arakdagi ishlamayotgan reaktorga aviazarbalar uyushtirilgan
Foto: pexels.com / Vladyslav Kryvoshein

Eron yadro reaktorining shikastlanishi radiatsion avariya xavfini tug‘dirmoqda. Bu haqda Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) xabar berdi.

Holat Isroil tomonidan Erondagi og‘ir suv ishlab chiqarish zavodiga uyushtirilgan hujumdan so‘ng yuz berdi.

Juma kuni XAEA o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Arakdagi og‘ir suv ishlab chiqarish zavodida zarar yetganini qayd etgan.

«XAEA bahosiga ko‘ra, Arakdagi og‘ir suv ishlab chiqarish zavodida, xususan, distillyatsiya qurilmasida jiddiy zarar mavjud», – deyiladi xabarda.

Avvalroq XAEA Isroil harbiy-havo kuchlari tomonidan Arak shahridan 250 km janubi-g‘arbda joylashgan ishlamayotgan reaktorga berilgan zarbadan so‘ng radiatsion ifloslanish qayd etilmaganini ma’lum qilgandi. Chunki reaktor ishlamayotgan bo‘lgan va yadro materialini o‘z ichiga olmagan.

O‘sha vaqtda agentlikda Arak yaqinidagi og‘ir suv zavodi ham zarbaga uchragan-yo‘qligi haqida ma’lumot mavjud emas edi.

BBCning yozishicha, Arakdagi kabi reaktorlar ilmiy maqsadlarda qo‘llanilishi mumkin, biroq ularning faoliyati natijasida plutoniy hosil bo‘ladi. Bu esa yadro qurolini yaratishda ishlatilishi mumkin.

XAEA rahbari Rafael Grossi Isroil zarbalari yirik radiologik hodisani keltirib chiqarmagan bo‘lsa-da, hali ham radiatsion avariya xavfi mavjudligini ta’kidlagan.

«Bunday holatlarda XAEA o‘z vaqtida va muntazam texnik ma’lumotlarga ega bo‘lishi juda muhim» – deyiladi tashkilot bayonotida.

Avvalroq Isroil Mudofaa armiyasi tomonidan Erondagi bir nechta yadro obyektlariga, xususan, Arakdagi ishlamayotgan reaktorga aviazarbalar uyushtirilgani ma’lum qilingandi.

«Arak yaqinidagi Eron yadro reaktoriga, xususan, plutoniy ishlab chiqarishda muhim bo‘lgan reaktorning faol zonasiga zarba berildi», – deyiladi xabarda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Eronga qarshi harbiy harakatni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Oq uy prezidentning Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerak degan qat’iy pozitsiyasini bir necha bor takrorlaganini ta’kidlagan. Shuningdek, Eronga real va amaliy shartlarga asoslangan kelishuv taklif etilgani ma’lum qilindi. Mazkur kelishuvga rozilik bildirilmasa, Eron og‘ir oqibatlarga duch kelishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.