Farg‘onada MIB mansabdori pora bilan qo‘lga tushdi

Farg‘ona viloyatining tumanlaridan birida Majburiy ijro byurosi boshlig‘i xizmat vakolatidan foydalangan holda $2 ming talab qilgan. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
U mazkur pora evaziga bo‘ysunuvidagi davlat ijrochisining ish yurituvida bo‘lgan fuqarolik ishi yuzasidan ijro harakatlarini yakunlab berishni va’da qilgan. Joriy yil 3-iyun kuni esa talab qilingan puldan $1,2 mingini olgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qolgan $800 ni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX Nukusda bir necha poraxo‘rlik holatlari fosh etgan edi.