
Foxconn va Nvidia kompaniyalari AQShning Xyuston shahrida qurilayotgan yangi zavodda odamsimon robotlardan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Ushbu zavodda Nvidia’ning sun’iy intellekt serverlari ishlab chiqariladi. Bu Nvidia mahsuloti ilk bor odam shaklidagi robotlar ishtirokida ishlab chiqariladigan loyiha bo‘lib, Foxconn uchun ham bunday robotlar jalb etilgan birinchi AI server zavodi bo‘ladi.
Robotlar 2025-yilning birinchi choragida ishga tushirilishi kutilmoqda. Ular buyumlarni joylashtirish, kabellarni ulash va yig‘ish kabi vazifalarni bajaradi.
Foxconn robotlarni Nvidia bilan hamkorlikda ishlab chiqmoqda va Xitoyning UBTech kompaniyasi modellarini ham sinovdan o‘tkazgan. Bu loyiha sanoat ishlab chiqarishida yangi davr boshlanishini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2050-yilda dunyo bo‘ylab qariyb 1 milliard insonsimon robot faoliyat yuritishi haqida yozgan edik.