
Hududlarda zamonaviy klinikalar ochish uchun budjetdan $140 mln ajratiladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qashqadaryoning Miraki hududida qisqa vaqt ichida $180 mlnlik 200 dan ortiq loyiha ishga tushirildi va 2000 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Hozirda yana $150 mlnlik loyihalarda ishlar davom etmoqda.
Bundan tashqari, Shahrisabz shahrida $10 mlnlik ko‘p tarmoqli zamonaviy klinika ish boshladi. Har bir hududda kamida bittadan shunday xususiy klinika ochilishiga ko‘maklashish zarurligi qayd etildi. Buning uchun davlat tomonidan $140 mln resurs ajratishga tayyorligi bildirildi.
«Qisqa qilib aytganda, Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalada ishga tushgan yangi loyihalar Islohotlar shtabiga tayyor andoza. Respublikadagi barcha tuman hokimlari Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalani kelib ko‘rsin, o‘rgansin, o‘zida ham shunday yangi loyihalarni boshlab yuborsin», — dedi prezident.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qashqadaryoda «Islohotlar shtabi» tuzilishi haqida yozgandi.