Ko‘kdala sanoat zonasida $10 millionlik loyihalar amalga oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi qurilish va urbanizatsiya ishlari bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uch yil avval tashkil etilgan ushbu tuman bugun zamonaviy infratuzilma va ijtimoiy obyektlarga ega bo‘lgan yangi maskanga aylanmoqda.

Hududda 120 km suv va 210 km elektr tarmoqlari, maktab, bog‘cha, shifoxona va poliklinikalar qurildi. Yettitom hududida yangi shahar shakllanmoqda. Tuman hokimligi binosida 38 ta davlat idorasi bir joyga jamlangan bo‘lib, aholi uchun qulayliklar yaratilgan.
«Inson» markazi orqali fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar kompleks tarzda taqdim etilmoqda. Shuningdek, kichik sanoat zonasida 10 mln dollarlik loyihalar joylashtirilib, 600 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.

Davlat rahbari yangi san’at saroyini ham ko‘zdan kechirdi. Ushbu maskan tomosha zali, to‘garaklar, ovoz yozish studiyasi va boshqa zamonaviy qulayliklarga ega.
Prezident yosh ijodkorlar chiqishlarini kuzatib, ularning iste’dodiga yuqori baho berdi. Ko‘kdala markazida savdo markazlari, yashil hududlar, bolalar maydonchalari va boshqa obyektlar barpo etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryodagi texnoparkda 400 mln dollarlik 35 ta loyiha ishga tushirilishi haqida yozgan edik.