
Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasi 2025-yil may oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar yakunida 13 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘lladi. Shuningdek, 17 ta tijorat banki qonunchilik talablariga rioya qilmagani uchun chora va sanksiyalar bilan ogohlantirildi.
Qo‘mita may oyida jami 8 marotaba yig‘ilish o‘tkazdi va 37 ta masalani ko‘rib chiqdi. Ulardan 18 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishiga taalluqli. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oldi:
- 3 ta kredit tashkiloti ustaviga o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish,
- 4 ta yangi mikromoliya tashkilotlarini hisobga olish yoki chiqarish,
- 4 ta holatda ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat,
- 7 ta tijorat banki kuzatuv kengashi, boshqaruvi a’zolari va muhim lavozimlardagi nomzodlarni ko‘rib chiqish.
Shuningdek, 19 ta masala kredit tashkilotlarining moliyaviy holati bilan bog‘liq. Bu doirada Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial talablariga rioya qilinishi hamda o‘tkazilgan inspeksiya natijalari muhokama qilindi.
Ustav kapitali bo‘yicha qonunchilik talablariga amal qilmagan, shuningdek, muammoli kreditlar bo‘yicha reja-grafiklarni bajarmagan 17 ta tijorat banki ogohlantirildi. Ularga nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligi bildirildi.
Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tekshiruvlar davomida aniqlangan huquqbuzarliklar asosida 13 ta bankka nisbatan jarima chorasi ko‘rildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yil I-choragida pul o‘tkazmalari hajmi 32 foizga oshgani haqida xabar bergan edi. Unga ko‘ra, aholining daromadlaridagi o‘sish sur’ati sezilarli darajada transchegaraviy pul o‘tkazmalariga bog‘liq.