Yangiliklar

XVJ O‘zbekiston budjet tavakkalchiliklarini monitoring qilishni tavsiya etdi

Yil yakuniga qadar YaIM 6 foizga o‘sishi kutilmoqda
O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilning dastlabki choragida 6,8 foizga o‘sdi / Foto: Stock_Market_Visuals

2025-yilning yanvar – mart oylarida O‘zbekistonning real yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 6,8 foizga o‘sdi, 2024-yil yakunida esa bu ko‘rsatkich 6,5 foizni tashkil etdi. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) hisobotida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, 2025-yil aprel oyining oxirida inflyatsiya darajasi 10,1 foizni tashkil etdi. Solishtirish uchun, 2024-yil may oyida narxlar 10,6 foizga oshgan edi.

«Xalqaro zaxiralar sezilarli darajada yuqori. 2024-yilda konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi YaIMga nisbatan 1,7 foiz bandga kamayib, 3,2 foizni tashkil etdi», – deyiladi XVJ bayonotida.

XVJ mutaxassislariga ko‘ra, jahon savdosidagi noaniqliklarga qaramay O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish istiqbollari ijobiyligicha qolmoqda. Fond 2025 va 2026-yillarda iqtisodiy o‘sish sur’ati 6 foiz bo‘lishini kutmoqda.

YaIM o‘sishiga xususiy iste’mol, investitsiyalar va mamlakatda olib borilayotgan islohotlar ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Biroq xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligi va tashqi moliyalashtirishning qiyinlashuvi salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Shu bilan birga, XVJ Ijroiya direktorlar kengashi O‘zbekiston iqtisodiyotining istiqbolini ijobiy baholadi. Ammo davlatning iqtisodiyotdagi yuqori ulushi va tashqi siyosiy vaziyat bilan bog‘liq muammolar hali ham muhim xavf sifatida saqlanib qolmoqda.

«Direktorlar davlat korxonalari va davlat-xususiy sherikliklarga (DXSh) bog‘liq budjet tavakkalchiliklarini monitoring qilish va ularni boshqarish sifatini oshirishni, shuningdek, davlat moliyasini boshqarishni qo‘shimcha ravishda kuchaytirish hamda budjet-solıq sohasida shaffoflikni oshirishni tavsiya etdilar», – deyiladi hisobotda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston yadroviy xavfsizlik bo‘yicha xalqaro hujjatni ko‘rib chiqishi haqida yozgan edik.