Yangiliklar

Qashqadaryoda kartoshka yetishtirish uchun 10 foizlik imtiyozli kreditlar ajratiladi

Bundan tashqari, kartoshkachilik texnikasi import boji to‘lovlaridan ozod qilinadi
Qashqadaryoda kartoshka yetishtirish uchun 10 foizlik imtiyozli kreditlar ajratiladi. Foto: depositphotos.com

Kartoshka yetishtirish xarajatining yarmi uchun 10 foizdan 12 oy muddatga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bundan tashqari, kartoshkachilik texnikasi import boji to‘lovlaridan ozod qilinadi, yuqori avlodli urug‘lar xaridida QQSning 50 foizi qaytariladi.

Mazkur chora-tadbirlar bilan bir qatorda, Qashqadaryoda meva-sabzavot eksporti yil boshidan $62 mlnga yetgani ta’kidlandi. Ayniqsa, Ko‘kdala tumanidagi 6 ming gektar lalmi yerda tarvuz, viloyatning 13 ta tumanidagi yana 6 ming gektarda pomidor yetishtirish orqali tarvuz eksportini $30 mlnga, pomidornikini esa $5 mlnga yetkazish mumkinligi qayd etildi.

Shuningdek, Qashqadaryoda chorvachilikni kompleks rivojlantirish dasturi boshlanmoqda. Mazkur yo‘nalishda Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi tomonidan 12 oygacha bo‘lgan muddatga 14 foiz stavkada kreditlar ajratilishi belgilandi. Ushbu imtiyozli moliyaviy resurslar orqali viloyatdagi 127 ta chorvador to‘liq quvvatda faoliyat yuritadi.

Yeri va fermasi mavjud bo‘lgan 630 ta chorvador uchun esa subsidiya ajratiladi. Bu boradagi loyihalar uchun xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan $150 mln mablag‘dan foydalanish boshlanadi.

Shu bilan birga, sabzavot urug‘larining katta qismi import qilinayotgani, mahalliy sharoitga mos va samarador navlar yetishmayotgani tufayli, Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti Meksikadagi CYMMIT markazi bilan hamkorlik boshladi. 500 ta yangi nav olib kelinmoqda, va bu asosda Qashqadaryoda g‘alla va ozuqa ekinlari bo‘yicha markaz ochilishi rejalashtirilgan. Mazkur markazni rivojlantirish uchun $3 mln yo‘naltiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qashqadaryoda yaylovlardan foydalanish uchun yangi kompaniya tashkil etilishi haqida xabar bergandi.