Yangiliklar

Qashqadaryoda yaylovlardan foydalanish uchun yangi kompaniya tashkil etiladi

Pilot loyiha sifatida Miraki hududidagi 520 gektar yer tanlangan
Yaylovlardan foydalanish uchun yangi kompaniya tashkil etiladi. Foto: depositphotos.com

Qashqadaryo viloyatida 1,3 mln gektardan ortiq yaylov va o‘rmon yerlardan samarali foydalanishni maqsadida yangi aksiyadorlik jamiyati tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatni rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, viloyatdagi tabiiy resurslar, jumladan, 515 ming gektar sug‘oriladigan yerlar va 45 ming gektar tomorqa uchastkalari mavjud. Ular respublika miqyosida eng yirik foydalanilmagan zaxira hisoblanadi. Shuningdek, bu yerlar nafaqat viloyat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki mamlakatning go‘shtga bo‘lgan ehtiyojini qoplash salohiyatiga ega.

O‘tgan yili viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 43 trln so‘mni tashkil qilgan. Ammo ilm-fan, zamonaviy agrotexnologiyalar hamda suv va energiyani tejaydigan yechimlar faol joriy etilsa, bu ko‘rsatkich besh yil ichida 100 trln so‘mga yetishi mumkin.

Tashkil etilayotgan kompaniya aksiyadorlik jamiyati maqomiga ega bo‘ladi. Dastlabki bosqichda Davlat budjetidan $100 mln ajratilishi rejalashtirilgan. Yana $500 mln miqdorida investitsiyalar jalb qilinadi. Kompaniya ikki yil davomida kamida 200 ming gektar yer maydonini suv bilan ta’minlaydi va yerlardan unumli foydalanish uchun lazerli tekislashtirish texnologiyalarini joriy etadi.

Pilot loyiha sifatida Miraki hududidagi 520 gektar yer tanlangan. Bu tepalik hududda allaqachon uzumzorlar, olcha va olma bog‘lari barpo etilgan bo‘lib, ular 4-5 oy ichida hosil berishga tayyor.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan hududlarda zamonaviy klinikalar ochish uchun budjetdan $140 mln ajratilishi haqida yozgandi.