Kitob tumanidagi 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi aniqlangan

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida joylashgan 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi aniqlangan. Bu yerni ekologik jihatdan xavfsiz yopiq usulda qazib olishga tayyor, $100–150 mln investitsiya kiritishga tayyor talabgorlar mavjud. Mazkur konni ham auksionga chiqarish zarurligi alohida qayd etildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
2025-yil davomida Qashqadaryo viloyatiga umumiy qiymati $3,5 milliardlik investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.
O‘tgan besh oy ichida Koson, Kitob va Chiroqchi tumanlarida investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobar oshgani ta’kidlandi.
Biroq viloyatdagi 12 ta kon sanoatga jalb etilmagan. Ayni paytda qurilish materiallari yo‘nalishida qiymati $150 mlndan ortiq bo‘lgan 16 ta loyiha tayyor holatga keltirilgan. Shu munosabat bilan mutasaddilarga ushbu konlarni auksion orqali tadbirkorlik subyektlariga taklif etish topshirildi.
Bundan tashqari, Kitobdagi yana 5 ta istiqbolli maydonlarda 39 tonna oltin, Chiroqchi tumanida esa 10 ming tonna noyob metall resurslari mavjudligi aniqlangan. Ushbu hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini boshlab yuborish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qashqadaryoda «Islohotlar shtabi» tuzilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.