Rasmiy daromadsiz fuqarolarga kreditlar skoring baliga qarab beriladi

23-iyundan boshlab «Alternativ skoring» nomli kredit hisoboti ishga tushiriladi. Bu xizmat «Kredit-axborot tahliliy markazi» kredit byurosi tomonidan yo‘lga qo‘yiladi.
U orqali bank va nobank moliyaviy tashkilotlar rasmiy daromadsiz fuqarolarning to‘lov qobiliyatini baholaydi. Natijada rasmiy daromadsiz fuqarolarga berilgan ballar asosida tashkilotlar kredit ajratish yoki ajratmaslik bo‘yicha qaror chiqaradi.
«Alternativ skoring» hisoboti narxi (bir donasi uchun) — bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 0,05 barobari (1875 so‘m) etib belgilangan (QQS hisobga olinmagan).
Ballar qaysi mezonlarga ko‘ra beriladi
Yangi tizim orqali fuqarolarning oxirgi 12 oylik bank kartalari orqali amalga oshirgan tranzaksiyalari, Majburiy ijro byurosi ma’lumotlari, aliment to‘lovlari va kommunal to‘lovlar asosida to‘lov qobiliyati aniqlanadi.
Ushbu ma’lumotlar asosida shakllangan skoring bali ham bank va nobank tashkilotlarga taqdim etiladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda kredit axborotlari almashinuvi bo‘yicha yagona elektron tizim ishga tushgani haqida yozgandi.
Uning asosiy maqsadi – banklar, mikromoliya tashkilotlari va boshqa moliyaviy institutlar o‘rtasida kredit ma’lumotlarini avtomatlashtirilgan shaklda almashish hamda foydalanuvchilarga o‘z kredit tarixini ko‘rish va nazorat qilish imkoniyatini yaratishdan iborat.
Portal foydalanuvchilarga quyidagi xizmatlarni taqdim etadi:
- kredit hisobotlari: kredit tarixini ko‘rish va tahlil qilish;
- SMS-xabarnoma orqali kredit tarixini olish;
- «Freeze» xizmati: kredit tarixi olinishini cheklash;
- kreditga taqiq: kredit bitimini tuzishni taqiqlash xizmati;
- harakatlar tarixi: platformaga kirgandan boshlab bajarilgan barcha harakatlar hisoboti.