Gadjetlar

Samsung yangi smartfonlarini taqdim etishi kutilmoqda

Modellarining sertifikatsiya jarayon boshlandi
Samsung yangi smartfonlarini taqdim etishi kutilmoqda / Foto: Galaxy Store

Samsung kompaniyasi yangi arzon segmentdagi smartfonlari – Galaxy A07, F07 va M07 modellarining sertifikatsiya jarayoni boshladi. Bu haqda GSMArena xabar bermoqda.

Hozircha texnik xususiyatlari rasman ochiqlanmagan bo‘lsa-da, avvalgi avlod bilan solishtirganda katta o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmayapti.

Masalan, Galaxy A06 modeli 6,7 dyuymli HD+ (720×1600) LCD ekran, MediaTek Helio G85 protsessori, 4 yoki 6 GB tezkor xotira, 64 yoki 128 GB ichki xotira, 50 MP asosiy kamera va 5000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan taqdim etilgan edi. Qurilma 25 vattlik tezkor quvvat olishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Samsung kompaniyasi qanday smartfonlarni taqdim etadi / Foto: GSMArena

Shu asosda A07 ham o‘xshash texnik baza bilan, lekin ehtimoliy dizayn yoki kamerada kichik yangiliklar bilan taqdim etilishi mumkin. Yangi modellarning rasmiy taqdimoti yaqin kunlarda kutilmoqda.

Samsung – Janubiy Koreyada joylashgan dunyodagi eng yirik texnologik kompaniyalardan biridir. 1938-yilda asos solingan bu brend bugungi kunda smartfon, televizor, muzlatkich, planshet kabi elektron qurilmalarni ishlab chiqaradi.

Ayniqsa, Samsung‘ning Galaxy smartfonlari global bozorda juda mashhur. Kompaniya har yili yangi innovatsion qurilmalarni taqdim etadi. Samsung ishonchliligi, zamonaviy dizayni va texnologik ilg‘orligi bilan tanilgan.

Avvalroq Samsung iyun oyi xavfsizlik yangilanishini chiqardi. Bu yangilanish One UI tizimidagi 19 ta zaiflikni bartaraf etishi haqida yozgan edik. Yangilanish quyidagi eski flagman modellarga taalluqli: Galaxy S21, S21 Plus, S21 Ultra, S22, S22 Plus va S22 Ultra. Shuningdek, o‘rta toifadagi Galaxy A55, A54 va A36 modellari ham yangilanish olgan.