Shahrisabzda fransuzcha uslubdagi agroturizm bog‘i barpo etildi

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida ushbu majmuani ko‘zdan kechirdi va uni tog‘li hududlarni o‘zlashtirishdagi namuna sifatida baholadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ilgari quruq adir bo‘lgan hudud endi yam-yashil boqqa aylangan. Shahrisabzda 520 gektar maydonda uzum, gilos va olma yetishtirilayotgan agroturizm majmuasi tashkil etildi. Bu yerda tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilib, Fransiyadan keltirilgan navlar ekilgan.

Yiliga 7,5 ming tonna mahsulot yetishtirish imkoniga ega bog‘ $5 mlnlik eksport salohiyatiga ega. U yerda 100 doimiy va mingdan ortiq mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan.

Majmuada restoran, mehmonxona, agrologistika markazi va o‘quv markazi ham qurilgan. Kelgusida bunday bog‘larni boshqa tog‘li tumanlarda ham barpo etish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shahrisabzda qiymati $1,5 millionlik yangi kichik GES qurib bitkazilgan edi.