Toshkent aeroportida bepul Wi‑Fi’ga qanday ulanish mumkin – qo‘llanma

20-iyun 2025 18:11 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Toshkent aeroportida bepul Wi‑Fi’ga qanday ulanish mumkin. Foto: Sora sun’iy intellekti yordamida tayyorlandi

Toshkent aeroportida bepul Wi-Fi tarmog‘i ishga tushirilgan. Unga qanday ulanish mumkinligi bo‘yicha Uzbekistan Airports bir nechta usullarni keltirib o‘tdi.

Dastlab, telefon yoki kompyuter orqali «Airport free Wi-Fi» nomli tarmoqqa ulanish kerak. Shundan so‘ng qurilma ekranida avtorizatsiya sahifasi ochiladi va bir nechta ulanish usullari taklif etiladi.

Birinchi usul: pasport orqali

Birinchi usul – pasport skaneri orqali ulanish. Buning uchun xorijiy pasportning suratli sahifasini ochib, skaner qurilmasiga to‘g‘ri tutiladi. Agar yashil chiroq yonsa, hammasi to‘g‘ri bajarilgan bo‘ladi. So‘ng, ekranda bir martalik Wi-Fi kodi beriladi – uni rasmga olib yoki yozib olib, avtorizatsiya sahifasiga kiritish va tug‘ilgan sanani tasdiqlash kerak.

Ikkinchi usul: onlayn ro‘yxatdan o‘tish

Ikkinchi usul – onlayn ro‘yxatdan o‘tish. Bu usulda pasport surati yuklanadi yoki o‘sha joyning o‘zida suratga olinadi. Tizim avtomatik tarzda ma’lumotlarni tanib oladi va «Ulanish» tugmasini bosib internetga ulanish mumkin bo‘ladi.

Uchinchi usul: SMS bilan

Uchinchi usul esa SMS orqali ulanishdir. Telefon raqamni xalqaro formatda kiritgach, tizim bir martalik kod yuboradi. Bu kod sahifadagi maydonga kiritiladi. Biroq ushbu usuldan foydalanish uchun telefonda rouming yoqilgan bo‘lishi kerak.

Har bir foydalanuvchiga 60 daqiqa davomida cheksiz internet taqdim etiladi va ushbu Wi-Fi tarmog‘iga kuniga uch martagacha ulanish mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi kuchli shamol sababli bir nechta samolyotlar aerodromga qo‘na olmagani haqida yozgandi.

Shuningdek