Yangiliklar

Tramp Eronga qarshi harbiy harakatni rejalashtirmoqda

Trampning Eron bo‘yicha rejasi Oq uy vakillari tomonidan ham tasdiqlandi
Tramp Eronga qarshi harbiy harakatni rejalashtirmoqda / Foto: Getty Images

Donald Tramp Eronga qarshi harbiy harakatni rejalashtirmoqda. U qarorni ikki hafta ichida qabul qilishi kerak, deb xabar berdi Oq uy.

Prezident ayni paytda AQShning Eron bo‘yicha zarba berish yoki bermaslik qarorini muhokama qilmoqda.

Oq uy prezidentning Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerak degan qat’iy pozitsiyasini bir necha bor takrorlaganini ta’kidladi. Shuningdek, Eronga real va amaliy shartlarga asoslangan kelishuv taklif etilgani ma’lum qilindi. Mazkur kelishuvga rozilik bildirilmasa, Eron og‘ir oqibatlarga duch kelishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.

Fox axborot agentligining xabariga ko‘ra, Trampning Eron bo‘yicha bildirgan fikrlari, mojaroning kuchayishi, qarshi choralar va AQShning yana bir xalqaro qurolli mojaro ichiga tortilishi mamlakat ichida tashvishga sabab bo‘ldi.

18-iyun kuni Tramp X ijtimoiy tarmog‘ida AQShning «Eron osmonini to‘liq nazorat ostiga olgani»ni bildirgan va Eronni «konstitutsiyaga zid tarzda taslim bo‘lish»ga chaqirgan edi.

U, shuningdek, Eron hududiga bevosita zarba berish imkoniyatini bir necha marta rad etmagan.

«Men buni qilaman. Balki qilmasman», – dedi u chorshanba kuni jurnalistlarga. «Men nima qilmoqchi ekanimni hech kim bilmaydi», — deya qo‘shimcha qildi.

Shunga qaramay, ayrim senatorlar AQShning Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyatga aralashishiga qarshi chiqqan.

Bundan avval Eronning oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Eron xalqi hech qachon taslim bo‘lmasligini ma’lum qilgandi. 

Bungacha Kursiv Uzbekistan Eron va AQSh o‘rtasida keskinlik, Eronda Internet o‘chirilishi va ikki davlat o‘rtasida muzokaralar bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edi.