Yangiliklar

Erondan 60 ga yaqin o‘zbekistonlik olib kelindi

Turkmaniston orqali
Eron
Erondagi murakkab vaziyat sababli 60 ga yaqin o‘zbekistonlik olib kelindi. Foto: «Dunyo» AA

Erondagi murakkab vaziyat sababli 60 ga yaqin o‘zbekistonlik Turkmaniston orqali O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Turkmaniston hukumati bu jarayonda o‘z hududini tranzit sifatida taqdim etib, xalqaro gumanitar yordamini ko‘rsatishdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi topshirig‘i asosida Tehron va Ashxoboddagi elchixonalarda tezkor shtablar tuzildi.

Tehrondagi diplomatik vakolatxona fuqarolarning xavfsiz harakatini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanmoqda. Ashxoboddagi elchixona esa ularni chegarada kutib olish, viza va transport masalalarini hal qilishda ishtirok etmoqda.

Eron-Isroil urushi fonida nimalar yuz bermoqda

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Eron va Isroil elchilari bilan uchrashgani haqida yozgandi.

Ma’lumotga ko‘ra, har ikkala uchrashuvda ham ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Eron elchisi bilan suhbatda siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Isroil elchisi bilan uchrashuvda esa O‘zbekiston-Isroil munosabatlarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Har ikkala uchrashuvda ham mintaqaviy muammolar, xususan, Yaqin Sharqdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, evakuatsiya ortidan Turkmanistonda oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashayotgani haqida xabar berilgandi.

Isroilning Eronga hujumlari sababli Turkmaniston o‘z hududi orqali xorijiy diplomatlar, ularning oilalari hamda boshqa fuqarolarning Eronni tark etishiga ruxsat berdi. Shu bilan birga, ayni paytda Turkmaniston ichki bozorida turli mahsulotlar, ayniqsa oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshmoqda.