
Ford kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab 300 mingdan ortiq Mustang Mach-E elektromobillarini chaqirib olmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Bunga sabab 12V akkumulyatorning to‘satdan o‘chib qolishi tufayli old eshikning elektron qulfi ishlamay qolishi mumkin. Bu holat avtomobil egasini mashinaga kira olmaydigan yoki undan chiqib keta olmaydigan vaziyatga solib qo‘yadi.
Mazkur muammo sababli Ford AQSHda 317 ming dona Mustang Mach-E (2021–2025-yillar oralig‘idagi modellar) avtomobillarini chaqirib olmoqda. Kompaniya muammoni bartaraf etguniga qadar dilerlarga ushbu model savdosini to‘xtatishni buyurdi.
Kompaniya rasmiy bayonotida bu nosozlik bilan bog‘liq avtohalokatlar haqida hech qanday xabar olinmaganini bildirdi. Hozirda nosozlikni bartaraf etish uchun dasturiy ta’minot yangilanishi ustida ish olib borilmoqda. Bu yangilanish 2025-yilning uchinchi choragida – ya’ni yaqin haftalarda e’lon qilinadi.
Shuningdek, Ford ushbu yangilanish hozirgi Mustang Mach-E egalari uchun ham mavjud bo‘lishini aytdi. Ammo yangilanish avtomatik tarzda emas, dilerlik markaziga borib, xizmat ko‘rsatish orqali amalga oshiriladi. Avtomobil egalariga 2025-yil 23-iyundan boshlab xat orqali rasmiy ogohlantirish yuboriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mazda AQSHdagi 170 ming mashinasini qaytarib olishi haqida yozgandi.
AQSh Milliy Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Mazda avtomobillarining xavfsizlik yostig‘ining o‘z-o‘zidan o‘chirilishi bilan bog‘liq hodisalar bo‘yicha tergov boshlanganini e’lon qilgandi.
Shuningdek, aprel oyida General Motors 900 mingga yaqin avtomobilini chaqirib olayotgani haqida xabar berilgandi. Bunga sabab 6,2 litrli V8 rusumidagi dvigatellarda aniqlangan ishlab chiqarish nuqsonlari bo‘ldi.