Avto

Hyundai uzoq masofaga yuruvchi Elexio elektromobilini arzon narxda sotuvga qo‘ydi

Narxi taxminan $19,5 ming etib belgilangan
Foto: Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi

Hyundai kompaniyasining Elexio elektromobili Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi (XSAT) tomonidan tasdiqlandi. Unga oid fotosuratlar, texnik xususiyatlar va o‘lchamlar e’lon qilindi.

Hyundai Elexio – 5 o‘rinli krossover bo‘lib, uzunligi 4615 mm, eni 1875 mm, balandligi 1673 mm, g‘ildirak bazasi esa 2750 mm ni tashkil etadi. U ikkita uzatma variantida – old g‘ildirakdan tortuvchi va to‘liq yurituvchan versiyalarda taqdim etiladi. Mos ravishda ularning og‘irligi 2039 kg va 2184 kg bo‘ladi.

Foto: XSAT

Old yurituvchan versiya 160 kVt quvvatga ega bitta EM16 elektromotor bilan jihozlangan. Uning maksimal tezligi 185 km/soat. To‘liq yurituvchan versiyada esa old qismda 160 kVt motor, orqa qismda esa qo‘shimcha 73 kVt motor o‘rnatilgan bo‘lib, umumiy quvvati 233 kVt (312 ot kuchi) ga teng. Tezligi esa old yurituvchan versiya bilan bir xil – 185 km/soat.

Akkumulyator LFP (litiy-temir-fosfat) texnologiyasiga asoslangan bo‘lib, BYD’ning sho‘ba korxonasi FinDreams tomonidan yetkazib beriladi. Akkumulyator hajmi hozircha oshkor etilmagan, biroq Hyundai CLTC standartlariga ko‘ra 700 km yurish masofasini va’da qilmoqda.

Foto: XSAT

Yangi elektromobil Hyundai’ning E-GMP (Electric Global Modular Platform) platformasida ishlab chiqariladi. Bu model Hyundai’ning Xitoydagi bozorga xorijiy qo‘shma korxonalar orqali qaytishini ham anglatadi.

Hyundai, shuningdek, keyingi ikki yil ichida o‘z model qatoriga ko‘proq BEV (to‘liq elektr), PHEV (gibrid) va EREV (gibrid elektro-avtomobillar) qo‘shishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Hyundai Elexio modelining rasmiy taqdimoti 2025-yilning uchinchi choragida bo‘lib o‘tadi. Uning boshlang‘ich narxi taxminan $19,5 ming etib belgilangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hyundai Porter Qozog‘istonda ishlab chiqarilishi haqida yozgandi.