Yangiliklar

«Qizil kitob»dagi echkiemarga «nosvoy» chektirgan yigitga 1,5 million so‘m jarima solindi

Buxoro viloyatida
Foto: Videodan olindi

Buxoro viloyatida O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan bo‘z echkiemar hayvoniga nisbatan shafqatsiz muomala qilgani uchun 20 yoshli yigit ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 1-iyun kuni Gazli cho‘l massivida joylashgan dala soyaboniga qo‘ylarini boqish uchun kelgan yigit u yerda bo‘z echkiemarni ko‘rib, uning boshiga tayoq bilan uradi. So‘ng og‘ziga majburiy ravishda nosvoy solgan.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/06/varan2.mp4

Hayvon bir necha daqiqa hushsiz holatda qolganidan keyin yurgan, ammo fuqaro uni ko‘l bo‘yiga olib borib tashlagan.

Mazkur harakatlar video shaklida suratga olinib, Instagram tarmog‘iga joylashtirilgan. Ekologiya vazirligining rasmiy arizasiga ko‘ra, mazkur hayvon Qizil kitobda himoya ostidagi turlar sirasiga kiradi.

Sudda yigitga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari (1,5 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan senatorlar hayvonlarni hisobga olishga doir qonunni qabul qilgani haqida yozgandi.

Mazkur qonun orqali hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va kuzatib borish sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi.

Qonun ijrosi natijasida hayvonlar, ularning zot xususiyatlari va sog‘lig‘i haqida yagona elektron ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Bundan tashqari, ularning harakatlanishi (migratsiyasi) va himoyasini tartibga soluvchi qoidalar joriy etiladi. Doimiy monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilib, xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi to‘liq profilaktik emlashlar o‘tkazilishi ta’minlanadi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash uchun javobgarlik belgilangandi.

Vazirlik xabariga koʻra, taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni sun’iy sharoitda yoki tutqunlikda saqlaganlik uchun jismoniy shaxslarga BHMning 5–10 baravari (1,875 mln – 3,75 mln soʻm) miqdorida jarima solinadi.