Yangiliklar

Toshkentda mushukni avtomobildan uloqtirgani uchun haydovchi javobgarlikka tortildi

Ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi
Toshkentda mushukni avtomobildan uloqtirgani uchun haydovchi javobgarlikka tortildi. Foto: Videodan olindi

Toshkentda haydovchi mushukni avtomobildan uloqtirgani uchun javobgarlikka tortildi. Bu haqda Toshkent shahar IIB xabar berdi.

Aniqlanishicha, voqea 15-iyun kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida yuz bergan. Fuqaro «Nexia» rusumli avtomashinasida harakatlanayotgan vaqtda mushukni avtomobil oynasidan yo‘lning qatnov qismiga uloqtirib yuborgan. So‘ng harakatda davom etgan.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/06/epizod-121_1.mp4
Video: Ijtimoiy tarmoqlar

Ushbu harakat yuzasidan fuqaroga nisbatan «Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish» bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Qonunchilikka ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lish, qiynoqqa solish yoki azob berish holatlari uchun jarima belgilangan. Jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan (1,125 ming so‘m) 5 baravarigacha(1,875 ming so‘m).

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Qizil kitob»dagi echkiemarga «nosvoy» chektirgan yigitga 1,5 million so‘m jarima solingani haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, 1-iyun kuni Gazli cho‘l massivida joylashgan dala soyaboniga qo‘ylarini boqish uchun kelgan yigit u yerda bo‘z echkiemarni ko‘rib, uning boshiga tayoq bilan uradi. So‘ng og‘ziga majburiy ravishda nosvoy solgan.

Hayvon bir necha daqiqa hushsiz holatda qolganidan keyin yurgan, ammo fuqaro uni ko‘l bo‘yiga olib borib tashlagan.

Mazkur harakatlar video shaklida suratga olinib, Instagram tarmog‘iga joylashtirilgan. Ekologiya vazirligining rasmiy arizasiga ko‘ra, mazkur hayvon Qizil kitobda himoya ostidagi turlar sirasiga kiradi.

Sudda yigitga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari (1,5 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.