AQSh Isroil–Eron urushiga aralashdi: Tramp buyrug‘i bilan Eron yadro obyektlariga zarba berildi

AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh harbiy havo kuchlari Eron hududidagi uchta yadro obyektiga muvaffaqiyatli zarba berganini e’lon qildi. Uning bayonotiga ko‘ra, Fordo, Netenz va Isfahon shaharlaridagi ob’ektlar to‘liq yo‘q qilingan.
Trampning bayonotida qayd etilishicha, asosiy nishon bo‘lgan Fordo ob’ekti ustiga AQSh harbiy samolyotlari to‘liq bomba yukini tashlagan.

«Biz Eronning Fordo, Netenz va Isfahondagi uchta yadro obyektiga muvaffaqiyatli hujumni yakunladik. Barcha samolyotlar hozirda Eron havo hududidan tashqarida», — deb yozdi Tramp.
U samolyotlar xavfsiz ravishda uyga qaytayotganini ham ma’lum qilib, AQSh qurolli kuchlarini «buyuk amerikalik jangchilar» deya ta’rifladi.

Tramp bu harbiy operatsiyani «tom ma’noda harbiy muvaffaqiyat» deb atadi. U yadro boyitish bilan shug‘ullanuvchi asosiy obyektlar to‘liq yo‘q qilinganini ta’kidladi. So‘zining yakunida esa u «Tinchlik vaqti keldi!» deya yozib vaziyatni yumshatishga da’vat qildi.

AQSh tomonidan amalga oshirilgan bu zarbalar B-2 rusumidagi strategik bombardimonchi samolyotlar orqali bajarilgan. Bu haqda Reuters agentligi AQSh rasmiysiga tayanib xabar berdi. Tramp o‘z bayonotida tilga olgan Fordo, Netenz va Isfahon obyektlariga aynan shu samolyotlar hujum qilgan. Avvalroq Reuters mazkur samolyotlarning harakati kuzatilayotganini va bu harbiy operatsiyaga tayyorgarlik bo‘lishi mumkinligini bildirgan edi.
Bunga javoban, Eron rasmiylari mazkur obyektlar avvaldan evakuatsiya qilinganini bildirgan. Eron davlat telekanalida siyosiy direktor o‘rinbosari Hasan Abedini evakuatsiya «bir muddat oldin» amalga oshirilganini va yadro materiallari oldindan olib chiqilganini aytgan. Shu bois, AQSh tomonidan berilgan zarbalar jiddiy zarar yetkazmagan.

Shunga qaramay, Donald Tramp keyingi bayonotida Fordo ob’ekti haqida «Fordo endi yo‘q» («Fordow is gone») deb yozdi.
Mazkur hujumlar xalqaro miqyosda katta rezonans keltirib chiqardi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish zarbalarni mintaqada xavfli eskalatsiya deb baholab, buni xalqaro tinchlik va xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid deb atadi.
AQSh Kongressidagi demokratlar prezidentni harbiy strategiyasi yo‘qligida aybladi. Respublika partiyasida esa bu masalada fikrlar ikkiga bo‘lindi. Ayrim senatorlar Trampni qo‘llab-quvvatlasa, boshqalari uning harakatlarini konstitutsiyaga zid deb baholadi.
Shu bilan birga, Eron bilan ittifoqchi kuchlar, jumladan Yaman hudusiylari va Falastindagi HAMAS harakati AQShning bu harakatini qoraladi. Yaqin Sharqda vaziyat tobora keskinlashmoqda. Tramp esa Eron tomonidan ehtimoliy javob hujumi bo‘lsa, undan ham «kattaroq kuch bilan» javob berilishini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron yadroviy inshootlari portlatilsa, O‘zbekistonga ta’siri haqida yozgan edik.