Investitsiyalar

AQShning Eronga bergan zarbasi bozorlarga qanday ta’sir ko‘rsatdi

Investorlar mojaroning yanada keskinlashishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda
AQShning Eronga bergan zarbasi bozorlarga qanday ta’sir ko‘rsatdi / Foto: Lukas Zischke / Unsplash

AQShning Eron yadroviy obyektlariga zarbasi neft narxining oshishiga va xavfsiz aktivlarga talabning ko‘tarilishiga olib keladi, deb hisoblamoqda Reuters suhbatdoshlari. Uzoq muddatli oqibatlar ko‘lami Erondan keladigan javob choralarga bog‘liq bo‘ladi.

Dushanba kuni bozorlar ochilishi bilan tahlilchilar neft narxi $80 dan oshishini kutishmoqda. Isroilning Eron hududlariga ilk zarbasidan buyon neft 18 foizga qimmatlashdi va 2025-yil fevralidan beri eng yuqori darajaga yetdi. Biroq bu narx o‘sishi uzoq davom etmasligi mumkin.

Agar mojaro yumshab muzokaralar tiklansa, investorlar neft bozorida tez orada narxlar pasayishini kutmoqda. Ammo salbiy ssenariyda neft narxi $100 dan $130 gacha yetishi mumkin. Bu Eron neft qazib olish hajmining keskin kamayishi yoki Ormuz bo‘g‘ozida yuk tashish to‘xtatilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Amerikaning zarbasi fond bozorida tuzatishlarga olib keladi. Bu holatda oltin va AQSh g‘aznachilik obligatsiyalari kabi xavfsiz aktivlarga talab ortadi. Investorlar xavfli aktivlardan chiqib ketishi dollar kursining o‘sishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Agar neft narxi uzoq vaqt yuqori darajada saqlansa, bu AQShda inflyatsion bosimni kuchaytiradi. Federal zaxira tizimining (FZT) pul-kredit siyosatini yumshatish ehtimoli kamayadi.

Eng salbiy ssenariyda tahlilchilar inflyatsiya yillik 6 foizgacha ko‘tarilishi va FZT foiz stavkasi yil oxirigacha o‘zgarmay qolishini prognoz qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron yadro dasturini davom ettirishni rasman e’lon qilgan edi.