Yangiliklar

Eron yadro dasturini davom ettirishini rasman e’lon qildi

Atom energetikasi tashkiloti bayonot bilan chiqdi
Eron yadro dasturini davom ettirishini rasman e’lon qildi / Foto: Topwar

AQSh havo kuchlari tomonidan Eronning Fordo, Natanz va Isfahon shaharlaridagi yadroviy obyektlarga uyushtirilgan havo hujumidan so‘ng, Eron Atom energetikasi tashkiloti rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda mazkur zarbalar Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (NPT) va xalqaro huquq normalariga zid ekani ta’kidlandi.

Bayonotga ko‘ra, bu hujumlar xalqaro atom agentligi – IAEAning befarqligi, hattoki jim roziligi ostida sodir bo‘lgan. AQSh prezidenti tomonidan bu harakat ochiq tan olingan va yadro obyektlari IAEA doimiy nazoratida ekani ta’kidlanmoqda.

Eron hukumati xalqaro hamjamiyatni ushbu tajovuzni keskin qoralashga va Eronga o‘z qonuniy huquqlarini ta’minlashda ko‘maklashishga chaqirdi. Atom tashkiloti yadro dasturi tinch maqsadlarda davom ettirilishini bildirdi va uni to‘xtatishga yo‘l qo‘yilmasligini, bu yo‘l mashaqqatlar bilan erishilgan milliy yutuq ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, tashkilot yadro sohasida faoliyat yuritayotgan minglab olim va mutaxassislar sa’y-harakatlari natijasida bu soha rivojlanishda davom etishini, huquqiy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Isroilga 30 tacha raketa hujumi uyushtirgani haqida yozgan edik.