
Misr hukumati tomonidan O‘zbekistonga insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan «Sofosbuvir-400mg» dori vositasining joriy yildagi to‘rtinchi partiyasi Toshkentga yetkazildi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Ushbu yukni «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi Sharm-al-Shayx shahridan olib keldi.
Mazkur partiyada 7680 dona dori vositasi (32 quti) mavjud bo‘lib, ular gepatit S kasalligiga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan. Dori vositalari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya instituti orqali bemorlarga tarqatiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 – 2024-yillar davomida Misr O‘zbekistonga 12,4 tonna dorilarni o‘z ichiga olgan 27 partiya yetkazib bergan. Ularning umumiy qiymati $1,4 mlnni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avval ham Misrdan O‘zbekistonga $114,8 ming qiymatdagi insonparvarlik yordami yetkazilgan edi.