
2025-yilda AQShda yangi avtomobilning o‘rtacha narxi $48 mingga yetdi. Biroq bozordagi bunday narx oshishlariga qaramay, cheklangan budjet bilan ham yangi avtomobil sotib olish mumkin bo‘lgan bir nechta modellardan iborat ro‘yxat mavjud. Visual Capitalist portali AQShdagi 2025-yil uchun eng oddiy va ishonchli avtomobillar reytingini e’lon qildi.
Bu ro‘yxatdagi barcha avtomobillar $26 mingdan (312 mln so‘m) kam narxda taklif qilindi, ya’ni bozorning o‘rtacha narxidan 1,8 baravar arzon.
2025-yildagi eng arzon yangi avtomobillar o‘nligi
Mitsubishi Mirage 2024 – Yaponiyada ishlab chiqarilgan ixcham xetchbek. O‘rtacha yoqilg‘i sarfi 100 km ga 5,5 litr. Jihozlanishi sodda, dvigatel quvvati – 78 ot kuchi. Shahar uchun juda qulay, ammo magistralda unchalik qulay emas. Bu AQShda $20 mingdan (240 mln so‘m) arzon bo‘lgan kam sonli yangi avtomobillardan biri. Narxi – $18 015 (taxminan 216,2 mln so‘m).
Nissan Versa 2025 – Mirage’dan biroz qimmatroq, lekin zamonaviy saloni, Nissan safety shield xavfsizlik tizimi va keng yukxonasiga ega. Taksi va yetkazib berish xizmatlari uchun ko‘p tanlanadi. Narxi – $18 330 (taxminan 219,9 mln so‘m).
Mitsubishi Mirage G4 – Mirage’ning sedanga aylantirilgan versiyasi. Qo‘shimcha yukxona bilan ajralib turadi. Dvigateli sodda, ekspluatatsiya va xizmat ko‘rsatish xarajatlari juda kam. Narxi – $19 115 (taxminan 229,4 mln so‘m).
Nissan Sentra 2025 – biroz kattaroq, 149 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan. Baza to‘plamida sensorli ekran, adaptiv kruiz-nazorat, yo‘ldan chiqmaslik tizimi bor. Narx va imkoniyat jihatdan eng optimal tanlov. Narxi – $22 730 (taxminan 272,8 mln so‘m).
KIA K4 2025 – Forte o‘rnini bosuvchi zamonaviy model. Dizayni, multimedia tizimi va boshqaruv tizimlari bilan ajralib turadi. Narxi – $23 165 (taxminan 277,9 mln so‘m).
Hyundai Elantra 2025 – keng salon, Apple CarPlay tizimi, tejamkor dvigatel va ishonchliligi bilan tanilgan. Hyundai va KIA narx va sifatning ideal muvozanatini taqdim etmoqda. Narxi – $23 320 (taxminan 279,8 mln so‘m).
Toyota Corolla 2025 – zamonaviy dizayn, mos narxdagi gibrid versiyalar va uzoq muddatda qiymatni saqlash imkoniyati uni yaxshi sarmoyaga aylantiradi. Narxi – $23 460 (taxminan 281,5 mln so‘m).
Volkswagen Jetta 2025 – nemis sifati, minimalist dizayn va keng salon. Kattalar uchun klassik sedan izlovchilar uchun ideal tanlov. Narxi – $23 720 (taxminan 284,6 mln so‘m).
Mazda 3 2025 – boshqaruvdagi qulaylik va ishonchlilik jihatidan eng yaxshi modellardan biri. Ichki saloni yuqori sifatli, lekin raqobatchilarga nisbatan torroq. Narxi – $25 135 (taxminan 302,6 mln so‘m).
Honda Civic 2025 – ko‘p yillardan beri qulaylik va ishonchlilik timsoli. Narxi ko‘tarilgan bo‘lsa-da, texnologiya, boshqaruv va barqarorlik borasida hanuz yetakchi. Bu model kichik biznes-klass deb aytish mumkin. Narxi – $25 400 (taxminan 304,8 mln so‘m).
Ushbu o‘nlikka kirgan avtomobillarning yettitasi yapon brendlariga (Mitsubishi, Nissan, Toyota, Mazda, Honda), ikkitasi koreys brendlariga (Hyundai, KIA), bittasi esa nemis brendi — Volkswagen’ga tegishli.
Yangi avtomobillar nega qimmatlashmoqda
AQShda yangi avtomobilning o‘rtacha narxi – $48 ming. Bunday o‘sishning sabablari – global inflyatsiya, mikrochiplar tanqisligi, logistika xarajatlarining oshishi, yangi texnologiyalarning joriy etilishi hamda ekologik talablarning kuchayishi.
Nega arzon avtomobillarga e’tibor qaratish lozim
Bu modellar quyidagi jihatlari bilan mashhur:
Shahar uchun ideal – ixcham o‘lchami tufayli to‘xtash joyini topish oson.
Yoqilg‘i tejamkorligi – 100 kilometrga atigi 5 – 7 litr yoqilg‘i sarflaydi.
Soliq va sug‘urta xarajatlari past – avtomobil narxi arzon bo‘lgani sababli majburiy to‘lovlar ham kamayadi.
Sodda tuzilma, oson ta’mir – texnik xizmat ko‘rsatish ham qulay, ham arzon.
Avvalroq «Kursiv» nashri Xitoyda eng ishonchli avtomobillar reytingi e’lon qilingani haqida xabar bergandi.