Dollar kursining pasayishiga sabab nima: iqtisodchi tushuntirdi

eʼlon qilindi
AQSh dollari yevroga nisbatan deyarli 10 foizga pasaydi
Dollar kursi
Dollar kursining pasayishiga sabab nima / Foto: Depositphotos

So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida «so‘m kuchaymoqda» degan fikrlar yangramoqda. Biroq soha mutaxassislari buni boshqacha izohlamoqda. Iqtisodchi Yuliy Yusupov dollar kursining pasayish sabablari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Yil boshidan buyon AQSh dollari yevroga nisbatan deyarli 10 foizga, O‘zbekiston so‘miga nisbatan esa 3,3 foizga qadrsizlandi. Shu bilan birga, so‘mning boshqa asosiy valyutalarga nisbatan qadri pasaydi. Yevroga nisbatan – 7,2%, funt sterlingga – 4,2%, rublga – 22,4%, yapon yenasiga esa 4,8% ga pasaydi.

Unung so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari AQSh emas, balki Xitoy, Rossiya va Yevropadir. Shu nuqtai nazardan, so‘mning devalvatsiyasi inflyatsiya darajasida bo‘lib, bu uning real qiymatda mustahkamlanmagani yoki qadrsizlanmaganini anglatadi.

Qayd etish joizki, 2022 va 2024-yillarda so‘m real qiymatda qimmatlashgan edi, chunki devalvatsiya inflyatsiyadan sezilarli darajada oshib ketgandi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning mahsulotlari xorijiy analoglarga nisbatan raqobatbardoshligini yo‘qotishiga olib kelgandi, deb tushuntirdi Yusupov.

«Oltin narxining o‘sishi va mamlakatimiz tomonidan oltin savdosining ortishi so‘mning real qiymatda mustahkamlanishiga yordam berdi va yordam bermoqda», – dedi u.

Dollar kursining tushishiga asosiy sabab – AQSh siyosatidagi beqarorlikdir. Donald Trampning proteksionistik siyosati, tariflarni tez-tez o‘zgartirishi va AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) rahbariyatini ochiq tanqid qilgani investorlar orasida ishonchsizlikni keltirib chiqardi.

AQSh valyutasining barqarorligi uchun mas’ul bo‘lgan FZT rahbariyatiga nisbatan tanqidlari ham muhim omillardan biri bo‘ldi. FZT’ga bo‘lgan ishonch, avvalo, uning mustaqilligi va barqarorligiga asoslangan edi, biroq Trampning bayonotlari bu ishonchga putur yetkazdi.

Umuman olganda, iqtisodchining fikricha, Tramp siyosati va harakatlarining oldindan aytib bo‘lmasligi investorlarning AQSh hukumati, iqtisodiyoti hamda dollar valyutasiga bo‘lgan ishonchini pasaytirgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri hafta davomida dollar kursi qanchaga pasaygani haqida yozgan edi.

Unga ko‘ra, 16-iyun kuni 1 dollar 12 715,13 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 17-iyunda 12 668,14 so‘mga tushdi. AQSh valyutasi 18-iyunda 12 618,63 so‘mga pastladi. 19-iyun kuni dollar yana biroz arzonlab, 12 559,26 so‘mni tashkil etdi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 20-iyun kuni dollar kursi 12 496,94 so‘mga tenglashdi.

Shuningdek