Yangiliklar

Elektron tijoratda kuryerlik faoliyati tartibi belgilandi

Bu haqdagi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
Elektron tijoratda kuryerlik faoliyati tartibi belgilandi. Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

2025-yil 18-iyun kuni Adliya vazirligi tomonidan «Elektron tijoratda kuryerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizomga muvofiq, kuryer – tadbirkor hamda yetkazib berish xizmati operatorlari bilan mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida tovarlarni yetkazib beruvchi jismoniy shaxs, shu jumladan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida belgilanadi.

Yetkazib berish xizmati operatorlari va kuryerlar, agar shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, xaridorlardan tovar yoki yetkazib berish xizmati uchun to‘lovlarni qabul qilish huquqiga ega. Bunda nazorat-kassa texnikasidan foydalanish va to‘lov haqida elektron yoki qog‘oz shaklida chek (kvitansiya) taqdim etish majburiy hisoblanadi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda transport vositalari va termokonteynerlar toza, soz holatda bo‘lishi, muntazam yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi talab etiladi.

Nizomda, shuningdek, kuryerlarga quyidagilarni amalga oshirish taqiqlanadi:

– tovar qadog‘ini o‘zboshimchalik bilan ochish;

– xaridorning shaxsiy ma’lumotlari va yetkazib berilayotgan tovar haqidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilish.

Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi diplomi bo‘yicha ishlamasligi haqida yozgandi.