Eron AQShga teraktlar bilan tahdid qildi

Eron AQShga teraktlar bilan tahdid qildi. Bu haqda NBC News xabar bermoqda.
Eron AQSh prezidenti Donald Trampga xat yuborib, agar mamlakatga hujumlar amalga oshirilsa, AQSh ichkarisida joylashgan «uyqudagi hujayralar» orqali terror harakatlarini faollashtirish bilan tahdid qilgan.
Xabarga ko‘ra, ushbu xat Trampga o‘tgan haftada Kanadada bo‘lib o‘tgan «Katta yettilik» (G7) sammitida vositachi orqali yetkazilgan. Tramp 16-iyun kuni Eron bilan Isroil o‘rtasidagi ziddiyat fonida qanday choralar ko‘rish bo‘yicha o‘ylash uchun sammitni tark etgan. Oq uy jurnalistlarning izoh so‘rovlariga javob bermagan. Eronning BMTdagi vakolatxonasi ham izoh berishdan bosh tortgan.
Tramp o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Eron tomonidan AQShga qarshi qilingan har qanday javob zarbasi «kechasi bo‘lganidan ancha kuchli javob bilan qarshi olinadi», deya bayonot bergan. Uning ma’muriyati va yirik shaharlardagi huquq-tartibot organlari ehtimoliy javob choralari yuzasidan yuqori darajadagi tayyorgarlik holatiga o‘tkazilgan.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi bergan bayonotda «Eron bilan bog‘liq mojarolar AQSh uchun xavf darajasini oshiradi», deya ta’kidlangan. Bayonotda, ayniqsa, Eron yetakchilari javob choralari ko‘rish uchun diniy fatvo chiqarsa, AQShda terror hujumlari ehtimoli oshishi mumkinligi aytilgan. Shuningdek, Erondan AQSh tarmoqlariga qarshi kiberhujumlar hamda 2020-yildagi Eron generali Qosim Sulaymoniyning o‘limida ayblanayotgan hozirgi va sobiq amaldorlarga qarshi hujumlar bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.
AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens esa Jo Bayden prezidentligi davrida mamlakatga kirib kelgan shaxslarning yetarli darajada tekshirilmaganini tanqid qilib, «bu odamlarning ba’zilari terrorchilar ro‘yxatida bo‘lganini bilamiz», deb bayonot bergan.
AQSh hujumi va Eron javobi
22-iyun kuni kechasi AQSh Eronning asosiy yadroviy inshootlariga zarba berdi. Hujumda B-2 rusumidagi harbiy samolyotlar va Tomahawk raketalari qo‘llanilgan. Hujum Isfahon, Natanz va Fordodagi uchta strategik obyektga yo‘naltirilgan. Tramp so‘ngra AQSh xalqiga murojaat qilib, agar Eron muzokaralarga rozi bo‘lmasa, yangi hujumlar uyushtirilishini ma’lum qilgan.
AQSh uyushtirgan havo hujumidan so‘ng, Eron Atom energetikasi tashkiloti rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda mazkur zarbalar Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (NPT) va xalqaro huquq normalariga zid ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, tashkilot yadro sohasida faoliyat yuritayotgan minglab olim va mutaxassislar sa’y-harakatlari natijasida bu soha rivojlanishda davom etishini, huquqiy choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.
Jahon hamjamiyati AQShning ushbu zarbalariga turlicha munosabat bildirdi. Ayrimlar maqtov bildirgan bo‘lsa, boshqalar keskinlikni kamaytirishga chaqirdi. Jumladan, O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyatning shiddat bilan keskinlashayotgani chuqur xavotir uyg‘otayotgani, mamlakat doim ikki tarafni muzokaralar orqali tinchlik yo‘lida harakat qilishga chaqirib kelganini ma’lum qilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston fuqarolariga Isroil va Eronga safar qilmaslik tavsiya etilgani haqida yozgandi.