
AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens eronliklar Amerika hujumidan biroz oldin uranni qayerga olib o‘tgan bo‘lishi mumkinligi haqida savollar borligini tan oldi, deb yozadi The New York Times (NYT).
Avvalroq Isroilning bir necha rasmiylari AQSh Eron yadroviy obyektlariga zarba berishi arafasida Tehron 400 kg hajmdagi yoqilg‘ini olib chiqib ketgani haqida razvedka ma’lumotlari borligini ma’lum qilgandi.
«Yaqin haftalarda biz bu yoqilg‘i bilan nimadir qilish ustida ishlaymiz va bu biz eronliklar bilan gaplashmoqchi bo‘lgan masalalardan biridir», – dedi Di Vens ABC telekanaliga bergan intervyusida.
Olib chiqilgan uran taqdiri MAGATE rahbari Rafael Grossini ham tashvishga solmoqda. NYT ma’lumotlariga ko‘ra, yoqilg‘i o‘ngacha yadroviy bomba yaratish uchun asos bo‘lishi mumkin. Nashr fikricha, ularning qayerda ekani haqidagi ma’lumot Tehron uchun Vashington bilan muzokaralarda qo‘l keladigan qurolga aylanishi mumkin.
Keyinroq Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Eron urani qayerda joylashgani haqida «qiziqarli» ma’lumotlarga ega ekanini aytdi. Biroq u tafsilotlarni oshkor qilishdan bosh tortdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Uran geosiyosat va yadroviy ambitsiyalar fonida qimmatlashayotgani haqida xabar bergan edi.