Eron va Isroil mojarosi jiddiylashmoqda: Tehron raketalari Qatar osmonida – video

Eron qurolli kuchlari Yaqin Sharqda joylashgan AQSH harbiy bazalariga raketa hujumi uyushtirdi. Bu haqda Telegraph agentligi xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujum Qatar hududidagi Al-Udeyd aviabazasiga va Iroqdagi Ayn al-Asad bazasiga qaratilgan.
Qatarda havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi ishga tushdi. Doha ustida portlashlar eshitildi. Shu sababli Qatar o‘z havo hududini vaqtincha yopdi.
Al-Udeyd aviabazasi AQSH Markaziy qo‘mondonligining sobiq shtab-kvartirasi bo‘lib, u yerda britaniyalik harbiylar ham navbatchilik qiladi. Bu baza mintaqadagi eng yirik harbiy obyektlardan biri hisoblanadi.
Oq uy voqealarni sinchiklab kuzatmoqda. Prezident Donald Tramp milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatlashuv yig‘ilishi o‘tkazishi kutilmoqda.
Mazkur hujum AQSHning Erondagi uchta yadroviy obyektga bergan zarbasidan keyin amalga oshirilgan. Eron bunga javoban «kutilmagan oqibatlar» haqida ogohlantirgan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Doha osmonida portlashlar va raketalarni urib tushirish holatlari aks etgan.
Qatarda AQSHning bitta asosiy harbiy bazasi mavjud. Bu Al Udeyd aviabazasi. U Doha shahridan taxminan 30 kilometr g‘arbda joylashgan. Yaqin Sharqdagi eng yirik AQSH harbiy obyektlaridan biri hisoblanadi. Ushbu baza AQSH Markaziy qo‘mondonligi uchun muhim strategik markaz bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, bu yerda Britaniya va boshqa koalitsiyaga a’zo davlatlarning harbiy xizmatchilari ham navbat bilan xizmat olib boradi. Al Udeyd aviabazasi orqali mintaqadagi harbiy operatsiyalar, jumladan, Afg‘oniston, Iroq va Suriya bo‘yicha havo qo‘llab-quvvatlash amaliyotlari olib borilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan avvalroq AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Eronda uran harakatiga doir savollar borligini tan olgani haqida yozgan edi.