Avto

Geely kompaniyasi yangi avtomobilini taqdim etdi

Geely Haoyue R7 ko‘rinishi Livan 7 elektromobiliga o‘xshaydi
Geely kompaniyasi yangi avtomobilini taqdim etdi / Foto: CarNewsChina

Geely kompaniyasi tomonidan yangi Geely Haoyue R7 avtomobili taqdim etildi. Bu mashina EREV (gibrid) texnologiyasiga ega bo‘lib, akkumulyatori almashtiriladigan ilk avtomobillardan biri bo‘ladi. Bu haqda Xitoyning sanoat va axborot texnologiyalari vazirligiga (MIIT) tayanib CarNewsChina xabar berdi.

Geely Haoyue R7 ko‘rinishi Livan 7 elektromobiliga o‘xshaydi, lekin unda Geely logotipi ishlatilgan. Uning o‘lchamlari 4680×1892×1650 mm, g‘ildirak bazasi esa 2778 mm. Avtomobilda 1,5 litrli benzinli dvigatel va temir-fosfatli litiy akkumulyator o‘rnatilgan. Bu dvigatel 82 kVt quvvat ishlab chiqaradi va mashinaning maksimal tezligi 185 km/soatni tashkil etadi.

Foto: CarNewsChina

Yangi model akkumulyatorsiz ham sotilishi mumkin, bu esa Nio kompaniyasining batareyalarni ijaraga berish tizimiga o‘xshaydi. Haoyue R7 – bu EREV va batareya almashtirish texnologiyasini birlashtirgan birinchi mashina bo‘lishi mumkin.

Mashina 18 yoki 17 dyuymli shinalarda harakatlanadi. Shuningdek, xaridorlar yashirin eshik tutqichlari, ikki rangli kuzov, turli oynalar va kameralar kabi opsiyalarni tanlashi mumkin.

Foto: CarNewsChina

Ma’lumotlarga ko‘ra, Livan 7 savdosi sust bo‘lgan – may oyida atigi 124 dona sotilgan. Shuning uchun Geely ushbu modelni qayta brendlab, Haoyue R7 nomi ostida yangicha yondashuv bilan bozorga chiqarmoqda.

Geely – Xitoyning yirik avtomobilsozlik kompaniyasi bo‘lib, 1986-yilda tashkil etilgan. Kompaniya bosh qarorgohi Chjetszyan (Zhejiang) provinsiyasining Hangzhou shahrida joylashgan. Geely avtomobillarini ichki bozorda ham, xalqaro miqyosda ham sotadi. U sedanlar, krossoverlar, elektromobillar va gibrid texnologiyalarga ega avtomobillar ishlab chiqaradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely Galaxy A7 EM-i rasmiy taqdim etilgani haqida yozgan edi.