
Har bir finjon qahva sog‘lom qarishni ta’minlaydi. Bu haqda Garvard universiteti olimlarining yangi tadqiqot ishida ma’lum qilindi.
Universiteti olimlari 40 – 60 yosh oralig‘idagi ayollarda kofein iste’mol qilish bilan sog‘lom qarish o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishdi. Ular 1984-yildan boshlab 30 yil davomida Nurses health study (NHS) tadqiqotida qatnashgan 47 513 ayolning salomatlik ma’lumotlarini tahlil qildi.
«Bizning tadqiqotimizda bir nechta asosiy ustunliklar mavjud. Katta misollar hajmi va 30 yillik kuzatuvdan tashqari, biz uzoq umr ko‘rish va sog‘lom qarishning bir nechta jihatlarini baholadik. Har to‘rt yilda ishtirokchilarning ovqatlanish va turmush tarzi haqidagi batafsil ma’lumotlar yig‘ildi», – deydi Garvard T.H. Chan sog‘liqni saqlash maktabi olimi doktor Sara Mahdavi.
Tadqiqotchilar «sog‘lom qarish» atamasiga quyidagicha ta’rif berdi: 70 yosh yoki undan uzoq umr ko‘rish, 11 ta asosiy surunkali kasallikdan xoli bo‘lish, jismoniy harakatchanlik cheklovlari yo‘qligi, ruhiy yoki aqliy salomatlikda muammo yo‘qligi, xotira bilan bog‘liq shikoyatlarning yo‘qligi. 2014 – 2016-yilgi javoblarga ko‘ra, bu mezonlarga mos kelgan ishtirokchilar sog‘lom qariyotganlar guruhiga ajratildi.
2016-yilda ushbu guruhga 3 706 ayol kirdi. Ular 45 – 60 yosh oralig‘ida bo‘lganida kuniga o‘rtacha 315 mg kofein (taxminan 3 kichik finjon yoki hozirgi o‘lcham bilan 1,5 katta finjon qahva) iste’mol qilishgan. Kofeinning 80% dan ortig‘i faqat qahvadan olingan.
Bu guruhdagi ayollar orasida qahva ko‘proq ichilgan sari sog‘liq ko‘rsatkichlari ham yaxshilangan. Tadqiqotchilar shuni aniqlashdiki, har bir 80 mg kofein (taxminan 1 piyola yoki 340 ml qahva) sog‘lom qarash ehtimolini 2 – 5% ga oshirgan. Bu ko‘rsatkich taxminan 5 ta kichik finjon yoki 2,5 katta finjon qahvagacha oshishda davom etgan.
Choy, kofeinsiz qahva va koladagi tadqiqotlar
Shuningdek, choy, kofeinsiz qahva va kola ichimliklari ham tahlil qilingan. Natijada:
- Choy va kofeinsiz qahva sog‘lom qarishga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan.
- Kola esa sog‘lom qarish ehtimolini har bir stakan (340 ml) uchun 20 – 26% ga kamaytirgan.
«Ilgari o‘tkazilgan tadqiqotlar qahvani ayrim sog‘liq ko‘rsatkichlari bilan bog‘lagan edi, ammo bizning ishimiz birinchi marta qahvaning qarishning turli jabhalariga 30 yil davomida ta’sirini baholadi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, aynan kofeinli qahva – choy yoki kofeinsiz qahva emas. Ruhiy va jismoniy funksiyalarni saqlab qolish bo‘yicha ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», – deydi Mahdavi.
Boshqa tadqiqotlar ham qahvaning sog‘liqqa foydali jihatlarini, jumladan yurak salomatligi va ba’zi saraton turlaridagi ijobiy ta’sirini ko‘rsatgan. Lekin bu tadqiqot natijalari faqat ikki narsa orasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi. Bu ular aynan qahva ichgani uchun shunday bo‘ldi, degan xulosani bermaydi. Chunki bunda insonning organizmi kofeinga qanday ta’sir qilishi (ya’ni genetik xususiyatlari) ham katta rol o‘ynashi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi qahva hidiga ega smartfon chiqargani haqida yozgandi.
Qurilmaning orqa paneli vegan charmidan yasalgan bo‘lib, unga qayta ishlangan qahva quyqasi o‘rnatilgan. Ishlab chiqaruvchining aytishicha, telefon yengil qahva hidi taratadi va bu hid kuchli emas.